Kecha Prezident Obama Oq uyda BMT Bosh kotibi Pan Gi Munni qabul qildi. BMT rahbari Obamaning iqlim o'zgarishiga qarshi qaratilgan so'nggi tashabbusini olqishladi. Ikki arbob Yaqin Sharqdagi mojarolar haqida atroflicha gaplashgan.
Dushanba kuni Prezident Obama AQSh elektr stansiyalarida zaharli gazlarning atmosferaga chiqarilishini cheklovchi qo'shimcha qoidalar e'lon qildi. Rejaga ko'ra, elektr quvvati ishlab chiqaruvchi korxonalar kamroq ko'mir ishlatib, muqobil energiyadan ko'proq foydalanishi kerak bo'ladi. Shunda 2030-yilgacha zararli gazlar chiqimini 2005-yilgi ko'rsatkichdan 32 foizga kamaytirish mumkin bo'ladi.
“Bosh kotibdan biz bilan bu borada hamkorlik qilishni, boshqa mamlakatlarni iqlim o'zgarishiga qarshi dadil reja ishlab chiqishga da'vat etishni so'radim", - dedi Obama uchrashuvdan so'ng.
Pan Gi Munning aytishicha, Qo'shma Shtatlar ko'mir iste'molini kamaytirib, boshqa davlatlarga yaxshi o'rnak ko'rsatmoqda.
"Bunday qadam AQSh iqtisodiyotini rivojlantiradi, boshqa mamlakatlarga turtki bo'ladi", - dedi u.
Biroq Obamaning bu tashabbusi AQShda respublikachilar qarshiligiga uchramoqda. Ular nazarida yangi reja natijasida ko'mir sanoati zarar ko'radi, ish o'rinlari qisqaradi.
Obama va Pan Gi Mun Suriyadagi gumanitar inqirozni ham muhokama qildi. Liviya masalasida, deydi Obama, kamtarona yutuqlar bor, mamlakatni bir necha qismga bo'lib qo'ygan turli siyosiy kuchlarni bir joyga yig'ib gaplashtirish oson emas.
Pan Gi Munning aytishicha, Yamandagi inqirozga siyosiy yechim topish lozim. Harbiy to'qnashuvlar gumanitar ahvolni og'irlashtirmoqda, deydi u.
“Yaman aholisining 80 foizi, ya'ni 21 milliondan ziyod odam gumanitar yordamga muhtoj", - deydi Pan Gi Mun.
AQSh va BMT rahbarlari Janubiy Sudandagi ahvol yuzasidan ham fikr almashdi. Ayni damda xalqaro hamjamiyat bu mamlakat prezidenti va muxolifatiga mojaroni hal etish rejasini taklif etgan.
Tomonlar 17-avgustgacha qo'shma hukumatga kelisholmasa, deydi Obama, ularga nisbatan sanksiyalar qabul qilinadi, xorijiy kuchlar kiritilishi mumkin.