AQSh yirik firmalari uzoq payt ishsiz yurganlarga imkon beradi

  • Amerika Ovozi

Prezident Obama 300 kompaniya rahbarlari bilan uchrashmoqda, Vashington, 31-yanvar, 2014-yil

Prezident Barak Obama Oq uyda yirik kompaniyalar rahbarlari bilan uchrashib, uzoq payt ishsiz yurganlarni ish bilan ta’minlash rejasini muhokama qildi. 300 firma yordam berishga rozi.

Kongressdan turib xalqqa qilgan yillik murojaatida Obama uzoq vaqt ishsiz yurgan fuqaroga omadini sinab ko’rishga imkon beraylik, dedi:

“Har bir biznesmendan iltimosim: Amerika kuchliroq davlat bo’lishiga hissa qo’shing”.

O’tgan juma kuni Obama 300 kompaniya rahbarlari bilan uchrashdi. Jumladan, Makdonalds (McDonald’s), Boing (Boeing), Bank of America rahbarlari bilan. Bu firmalar xodim yollashga alohida e’tibor bermoqchi, toki ancha payt ishsiz yurgan fuqarolar orqa planda qolib ketmasin, ishli-joyli bo’la olsin.

Amerikada ishsizlik sur'ati yuqori ekan, hukumat hisobiga ko'ra, 3,9 million kishi olti oydan oshiq ishsiz yuribdi. Bu umumiy ishsizlar sonining salkam 40 foizi demakdir. Obamaning dasturi ayna shu toifani qo'llashga qaratilgan.

Sobiq harbiy, Oq uydagi uchrashuvda qatnashgan Erik Varela ancha payt yumushsiz yurdi. U boshdan o’tganlari bilan o’rtoqlashadi.

“Ishlagim bor. Jamiyatga hissa qo’sha olaman, buni bilaman. Qurolli kuchlarda qanday xizmat qilgan bo’lsam, oddiy hayotda ham nafim tegadi. Lekin hech omadim chopmadi. Hammasidan og’iri, oilamning umidini oqlamadim”, - deydi u.

Varela malaka oshirib, ishli bo'ldi.

Prezident Obama sobiq askarni o’rnak qilib ko’rsatdi. Lekin bunga osonlikcha erishmaydi odam.

“Anchagacha ish topolmay yurgan fuqaroning safga qaytishi ayniqsa qiyin kechadi. Teskari mantiq, qarang! Odam qancha ko’p ishsiz qolsa, shuncha kasbga yaroqsiz deya ko’riladi. Real hayotdan ko’rib turibmiz bunaqa misollarni”, - deydi Obama.

Kompaniyalar rahbarlari oraga tushar ekan, umidni uzmaslik lozim, deydi mehnat vaziri Tom Perez.

“Eng badavlat 100 firma haqida gapirayapmiz. Ular dunyoni tebratishi mumkin. Bunaqa dvigatel bilan minglab odamlarni oyoqqa turg’izishga qodirmiz”, - deydi vazir.

Prezident Obama imzolagan hujjatga ko’ra, hukumat idoralari ishchi yollayotgda yarim yildan ko'p ishsiz qolgan odamlarga e’tibor berishi lozim. Davlat rahbari Kongressni ishsizlarga atalgan imtiyozlarni uzaytirmagani uchun tanqid qildi.

“Kongress imtiyozni tiklash masalasini hafta sayin cho’zyapti. Bu degani har hafta 72 ming amerikalik ishsizlar safiga qo’shilib boradi. Ular shundog’am og’ir ahvolda”, - deydi Obama.

Kongressdagi respublikachilarning e'tirozi shuki, odamlar imtiyozga o’rganib qolib, ish qidirmay qo’ymoqda.

Your browser doesn’t support HTML5

Ishsiz amerikaliklar - Unemployed Americans