Prezident Barak Obama Kubaga tashrif buyuradi

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Obama Kubaga boradi

Barak Obama kelasi oy Kubaga tashrif buyurishni rejalamoqda. U oxirgi 90 yilda qo’shni yurtga borgan birinchi AQSh prezidenti bo’ladi. Obama Kuba rahbari bilan uchrashganda o’rtadagi barcha bahsli masalalar, jumladan demokratiya va inson huquqlari haqida gaplashishga so’z bermoqda.

Qariyb bir asr kutilgan tarixiy safar bo’ladi bu, deydi ba’zilar. Bundan bir yilcha oldin Barak Obama Kuba bilan diplomatik aloqalarni tiklashni buyurgan edi. O’tgan yilning sentabrida esa BMT Bosh Assambleyasida Prezident Raul Kastro bilan ilk yuzma-yuz uchrashuv. Navbatdagi muloqot Gavanada bo’lib o’tadi.

Obamaning xavfsizlik bo’yicha maslahatchisi Ben Rouds:

“Munosabatlarni normallashtirish tomon yana bir qadam bu. Qo’shma Shtatlar va Kuba o’rtasida tijoriy aloqalarni yo’lga qo’yishga, shuningdek, qadriyatlar haqida gaplashib olishga qaratilgan safar”, - deydi rasmiy.

Kubalik dissidentlar, fuqarolik jamiyati faollari va rahbariyat bilan uchrashuvlarda Obama ana shu universal qadriyatlarni tilga oladi.

Erkin fikr bildirgani, hukumatni tanqid qilgani uchun fuqarolarni hibsga olish, ta’qib qilish masalasini ham ko’taradi, deydi Rouds.

Huquq bobida muammolar talay ekan, tashrif ahamiyati haqida Oq uy rasmiysi Ben Rouds shunday deydi:

“Kubaga bormaslik, uni yakkalashdan hech qanday naf yo’q. Bu masalalarni to’g’ridan-to’g’ri ko’tarsak, ochiq muloqot qilsak Kubada o’zgarish bo’ladi, odamlar hayotini yaxshilashga imkon bo’ladi”.

Vashington va Gavana o’rtasidagi maxfiy muzokaralar haqida kitob yozgan Piter Kornblu fikricha, Kuba bilan aloqalarni mustahkamlashning ayni payti hozir.

“Obama bugungacha erishilgan yutuqlar boy berilmasligini ta’minlashi lozim. Keyingi prezident Marko Rubio, Ted Kruz yoki Jeb Bush bo’ladimi, Kuba bilan rishtalarni tiklash uchun qilgan sarmoyamiz doimiy bo’lsin”, - deydi muallif.

Oq uy rasmiylari Obamaning Gavanaga safari ham tijoratda, ham madaniy sohada konkret o’zgarishlarga yetaklashidan umidvor. Tashrif 21-22 mart kunlariga mo’ljallangan.