Prezident Barak Obama iqtisodni jonlantirish uchun ko’chmas mulk egalari uchun yengillik yaratmoqchi. Imtiyoz uy uchun qarzni to’lolmay, qiynalib qolgan fuqarolarni qo’llab yuborishni nazarda tutadi.
Qo’shma Shtatlar iqtisodiga ikki omil eng ko’p pand bermoqda: birinchidan, ko’chmas mulk narxi tushib ketgan, ikkinchidan, odamlar kreditga olingan uylarini qaytarib bermoqda.
Prezident Barak Obama shu hafta poytaxt yaqinidagi Virjiniya shtatiga borib, muammo bilan olishish yo’llari haqida gapirdi. Bu shtatda ham uylar bahosi keskin pastlagan.
“Kongressga bir taklif jo’natayapman – mas’uliyatli, ishonchli uy sohibi endi oyiga bankka kamroq pul to’lab, yiliga taxminan 3000 dollar tejab qolishi mumkin. Shunda qarzni yopishga ham, uyidan quvilmasdan ro’zg’or tebratishga ham puli bo’ladi”, - dedi prezident.
Avvalroq to’rt million fuqaroga uy qiymatini qayta baholash dasturi ishga tushgan, biroq qattiq shart-talablar tufayli faqat bir million kishini qamray olgan edi.
Obamaning yangi taklifi mana shu programmani uzaytirish, kengaytirishni ko’zlaydi.
Amerikada ko’chmas mulk qadri keskin tushishi natijasida 11 million fuqaro sotib olgan uylar ham qadrsizlandi. Ya’ni, masalan, 2004-yilda odamlar bankdan katta qarz olib uy sotib olgan bo’lsa, bugun bu mulk o’shancha turmaydi. Lekin xonadon egasi har oy avvalgi foizda bankka to’lab yuribdi.
Obamaning taklifi Kongressdan ruxsat olsa, nima bo’ladi? Masalan, 6-7 yil oldin kvartira yoki uy sotib olgan, shu paytgacha oylik to’lovni vaqtida uzatib turgan fuqaroni oling.
U davlat molk-mulk boshqarmasi yordamida kredit foizini qayta ko’rib chiqib, oyiga oldingiday emas, kamroq to’lashga haqli bo’ladi.
“Narxlar besh yil oldin pasaya boshlagan edi. Muammo ko’lamini hech kim oldindan ayta olmagan, hal qilish ham oson bo’lmaydi”, - deydi Barak Obama.
Ayrim iqtisodchilar prezident rejasi ishlashiga ishonmaydi. Vashingtondagi Kato tahlil Instituti moliyaviy eksperti Mark Kalabria nazarida tashabbus uy egalari hayotini yengilroq qiladi, lekin mamlakat g’aznasiga pul solishi gumon.
“Foiz stavkalarini pasaytirib, nafaqa va boshqa yordam fondiga tushayotgan mablag’ni kesayapmiz. Bir tomonni xursand qilaman deb boshqa tomonni shilayapmiz”, - deydi mutaxassis.
Yangi dastur 5-10 milliard dollarga tushishi kutilmoqda - yirik banklardan qo’shimcha soliq olish hisobiga. Ammo Kongress bunday taklifni avval ham rad etgan.