AQSh Prezidenti Barak Obama Saudiya Arabistoni safari ortidan Londonga kelib, Britaniya Bosh vaziri Deyvid Kameron bilan uchrashdi.
Uchrashuvda "Islomiy davlat" to'dasiga qarshi kurash, Yaqin Sharqni barqarorlashtirish hamda Yevropadagi muhojirlar inqirozi kabi mavzular muhokama qilingan.
Shu yil 23-iyun kuni britaniyaliklar Yevropa Ittifoqi tarkibida qolish yoki undan chiqish masalasida referendum o'tkazadi. Bu borada aholi fikri bo'lingan. Obama ham bu mavzuda o'z fikrini bildirib, Londonni ittifoq tarkibida qolishga undadi. Bunday qaror mamlakatni yanada kuchliroq qiladi, dedi u Britaniya gazetasiga bergan maqolasida.
Yevropa Ittifoqini tark etish tarafdori bo'lganlar orasida Obamaning fikri keskin tanqidlarga uchradi. London meri Boris Jonsonning aytishicha, AQSh yetakchilari hech qachon Yevropa Ittifoqiga o'xshagan narsani o'zlariga ravo ko'rmagan bo'lardi.
O'ng qanot Birlashgan Qirollik Mustaqillik partiyasi yetakchisi Nayjel Faraj esa Obamani tanqid qilishda "ishimizga burun suqma" degan keskin jumlani ishlatgan.
Obama Londonga kelishi oldidan Saudiya Arabistonida Fors ko'rfazi hamkorlik kengashi sammitida qatnashdi. Unda arab davlatlari bilan Yaqin Sharqni barqarorlashtirish, "Islomiy davlat"ga qarshi kurashni kuchaytirish hamda Eronning mintaqada ta'siri oshib borayotgani yuzasidan bildirilayotgan xavotirlar muhokama qilingan.