Obama immigratsiya islohotini tezlashtirishga chaqirmoqda

  • Amerika Ovozi

Prezident Obama immigratsiyaga oid uchrashuv so'ngida yig'in ishtirokchilari bilan ko'rishmoqda, Vashington, 13-may, 2014-yil.

AQSh prezidenti Barak Obamaning aytishicha, immigratsiya islohotiga oid qonunni Vakillar palatasi tasdig’idan o’tkazish uchun 2-3 oy vaqt qoldi, xolos. Agar noyabrdagi Kongress saylovlarigacha qabul qilinmasa, islohotning amalga oshish imkoniyati yanada qiyinlashadi, dedi AQSh rahbari.

Vashingtonda huquq-tartibot organlari vakillari bilan uchrashuvda so'zlagan prezidentning ta’kidlashicha, u o’tgan yili Senat qabul qilgan loyiha asosida respublikachilar bilan kelishishga tayyor. Ammo qonunning asosiy tamoyillari, jumladan, AQShdagi 11 million hujjatsiz muhojir uchun fuqarolik sari yo’l ochish masalasi o’zgarishsiz qolishi kerak, deydi u.

Palata spikeri Jon Beyner hamda boshqa yetakchilar ham men bilan hamfikr, deb umid qilaman, ammo ayrim respublikachilar qonunning qabul qilinishiga qarshi chiqyapti, dedi Obama.

Senatdagi demokratlar yetakchisi Gari Rid immigratsiya haqidagi qonun tasdiqdan o’tganiga 321 kun bo’lgani, ammo Vakillar palatasi hanuz uni ko’rib chiqishdan bosh tortayotganini aytadi.

“321 kun davomida respublikachilar nazoratidagi Vakillar palatasi ishdan chiqqan immigratsiya tizimini tuzatish bo’yicha hech narsa qilmadi, - deydi u. – Tizimni oz-ozdan tuzatib bo’lmaydi. U keng qamrovli islohotga muhtoj”.

Senator Ridga ko’ra, o’tgan 46 hafta davomida ko’plab bolalar deportatsiya oqibatida ota-onalaridan ajradi. Respublikachilar zudlik bilan qonunni ovozga qo’yishi kerak, uning ko’pchilik ovoz bilan qabul qilinishiga ishonaman, deydi senator.

Noyabr oyiga belgilangan saylovlar yaqinlashar ekan, respublikachilar va demokratlar o’rtasidagi siyosiy kurash kuchayib bormoqda. Tomonlar kelisha olmaydigan qator masalalar bo’lib, ulardan biri immigratsiya islohotidir.