Amerika rahbari, demokrat Barak Obama so’nggi paytda iqtisodiy ahvol yaxshilanib, ish o’rinlari yaratilayotganidan mamnun.
“Qayta saylansam, mana shu siyosatni davom ettiraman”, - deydi u.
Obama uch yil avval prezidentlikka kelganida iqtisodiyot tanazzulga yuz tutganini eslatdi.
“Ammo bugun vaziyat ancha yaxshi. Albatta, mamlakat butunlay oyoqqa turganicha yo’q. Noyabrda saylansam, ishni oxiriga yetkazaman”, - deydi prezident.
Ishsizlik darajasi besh oydirki qisqarib borayapti. Yanvarda salkam 250 ming yangi ish joyi yaratildi.
“2009-yilda har oy bundan uch baravar ko’p odam ishini yo’qotayotgan edi”, - deydi Obama.
Yangi ijtimoiy so’rov natijalariga ko’ra, reytinglarda Obama respublikachi Mitt Romnidan (Mitt Romney) oldinda.
“ABC News” (Ey-Bi-Si Nyus) telekanali va “Washington Post” gazetasi birgalikda o’tkazgan so’rovdan ma’lumki, saylov hozir o’tsa, Obama 52 foiz, Romni 43 foiz ovoz to’plagan bo’lar edi.
So’rov o’tgan hafta ovoz beradigan yoshdagi 1000 fuqaro orasida olib borilib, shulardan 50 foizi Obamaning ishidan qoniqish hosil qilgan va uni qayta saylamoqchi.
Ammo muxolif respublikachilar fikricha, prezident Obama siyosati samara bermayapti, iqtisod hamon oqsab arang tiklanayapti.
Prezident bo'laman degan to’rt respublikachi (Massachusets shtati sobiq gubernatori Mitt Romni, Vakillar palatasi sobiq spikeri Nyut Gingrich, Senator Rik Santorum, kongressmen Ron Pol) shtatma-shtat bellashib yagona nomzod bo’lmoqchi.
Ular ertaga Minnesota va Kolorado shtatlarida o’tadigan saralash bosqichiga tayyorgarlik ko’rmoqda.
Romni Nyu-Gempshir, Florida va Nevadada g’olib chiqdi. Taxminlarga ko’ra, u Koloradoni ham qo’lga kiritadi, lekin Minnesota shtati Rik Santorumga (Rick Santorum) nasib etishi mumkin.
Tahlilchilar nazarida Santorum bir maromda ildamlab ketayotganiga sabab – raqiblar unga hujum qilmayapti.
Har ikki shtatda Nyut Gingrichning (Newt Gingrich) reytingi keskin pastlagan. Shu paytgacha u Romniga yetay deb qolgan edi.
Poygada Ron Pol (Ron Paul) oxirgi ketmoqda. Shanba kuni Meyn shtati respublikachilari ovoz beradi.