Obama: "Islomiy davlatga qarshi kurash kuchaytiriladi"

  • Amerika Ovozi

Prezident Obama Pentagonda

Prezident Obama xavfsizlik bo'yicha maslahatchilari bilan uchrashib, "Islomiy davlat" jangari guruhiga qarshi strategiyani yaxshilashga chaqirdi.

“Nima ish beryaptiyu, nimani yaxshilash kerak - o'rganib chiqishimiz lozim”, - dedi Obama.

Uchrashuvdan so'ng AQSh rahbari jangarilarga qarshi kurash kuchaytirilishini aytdi. Ayniqsa, Suriyada. Ular neft va mamlakatni qo'lga kiritmoqchi, dedi u.

“Suriyada mo'tadil muxolif kuchlarni yanada tayyorlab, qurollantiramiz", - dedi Obama.

Ba'zi tahlilchilar AQShning Suriyadagi harakatlaridan foyda yo'q, deydi.

Vashingtondagi Amerika taraqqiyoti markazidan Brayan Katulisning aytishicha, harakat ko'p, lekin birortasi maqsadga yaqinlashtirgani yo'q.

Qo'shma Shtatlar "Islomiy davlat"ni havodan o'qqa tutib keladi. Bir videoda Raqqa shahrida guruh uchun strategik ahamiyatga ega ko'prik portlatilgan.

Obamaning aytishicha, xalqaro koalitsiyaning besh mingdan ziyod havo zarbalari oqibatida "Islomiy davlat" Iroq va Suriyada muvaffaqiyatga erisha olmadi. Mahalliy kuchlar esa Mosul to'g'onini, Sinjar tog'larini, Kirkuk va Irbil viloyatlarini, Tikritni qayta ishg'ol qildi; Suriya shimolida jangarilarning ta'minot yo'llarini to'sishga muvaffaq bo'ldi.

“Islomiy davlat"ning strategik zaifligiga guvoh bo'lyapmiz", - dedi Obama.

Biroq uning nazarida jangarilarni yolg'iz harbiy kuch bilan mag'lub qilib bo'lmaydi.

"Ularning mag'lubiyatidan so'ng hosil bo'ladigan bo'shliqni to'ldirish uchun siyosiy va iqtisodiy imkoniyatlarni ham ishga solish kerak", - dedi Obama.