Qo'shma Shtatlar: Qrim Ukrainaniki

  • Amerika Ovozi

Oq uy, 6-mart, 2014

Prezident Barak Obama deydiki, AQSh Qrimda rusparast qonunchilar talabi bilan 16-martda o'tkazilishi rejalangan referendum va uning natijasi tan olinmaydi. Bugun bu o'lka parlamentida qabul qilingan qaror, ya'ni Ukrainadan chiqib Rossiyaga qo'shilish qarori ham xalqaro qonunlarga qarshi qadam, deydi u.

Obama bugun Rossiya rahbari Vladimir Putin bilan yana telefonda gaplashgan. Bir soatlik muloqot davomida AQSh prezidenti mojaroni diplomatik yo'l bilan hal etish lozimligini uqtirgan, Putinni Ukraina bilan muzokara boshlashga chaqirgan. Biroq Rossiya prezidenti o'zgacha fikrda.

Obama bugun Oq uyda so'zlar ekan, taklif qilingan referendum Qrim kelajagiga tahdid solib, Ukraina konstitutsiyasi va xalqaro qonunlarni buzadi, dedi.

"Ukraina kelajagini Ukrainaning qonuniy hukumati bilan birgalikda hal etasiz axir, boshqa yo'l yo'q", - deydi prezident.

"2014-yilda yashayapmiz. Bu zamonda demokratik rahbarlarni chetga surib, chegaralarni o'zingiz bilganingizcha belgilay olmaysiz",- deydi Obama.

Qo'shma Shtatlar Qrimga qo'shin safarbar etgan Rossiyani Ukraina suverenitetini buzganlikda ayblab, qator sanksiyalar e'lon qildi.

Vashington nazarida Kiyevdagi markaziy hokimiyat Ukrainaning qonuniy va demokratik ravishda qaror topgan hukumati. Asosiy organ hisoblanmish parlament a'zolari ovoz bergan unga, deya qayd etadi Obama ma'muriyati. Prezident saylovlari may oyida o'tishi ko'zlangan.

Lekin Rossiya bu muvaqqat hukumatni tan olmayapti. Kreml nazarida hozirda Rossiyada panoh topgan Viktor Yanukovich hamon qonuniy rahbar.

Rimda Yevropa Ittifoqi va Rossiya diplomatlari bilan muzokaralar olib borgan Davlat kotibi Jon Kerri ham Obamaning so'zlarini takrorlab, Qrim - Ukrainaning ajralmas qismi, deya e'tirof etdi.

Mojaroga diplomatik yechim topish kerak, Rossiya Qrimda rus elati xavf ostida degan asossiz iddao bilan o'zga davlatga bostirib kira olmaydi, deydi Kerri.

Rossiya rahbari Vladimir Putin esa G'arbni millatchi ukrainlarni quvvatlab, butun mintaqa hayotini xavf ostiga qo'yayotganlikda qoralamoqda.

Oq uy oldida Ukrainani quvvatlovchi namoyishlar