Prezident Barak Obama Liviya rahbari Muammar Qaddafiy ishdan ketishi kerak, deydi.
Liviyadagi qirg’indan dahshatdamiz, deydi u.
AQSh rahbari zo’ravonlikni bas qilishga undamoqda.
“Muammar Qaddafiy obro’sini yo’qotdi va endi ketishi kerak. Liviya ahliga qarshi kuch ishlatgan odamlar javobgarlikka tortiladi”, - deydi Obama.
Amerika prezidenti Qaddafiy tarafdorlarini o’ylab ish tutishga undadi.
“Insoniyat, tarixning o’zi Liviya rahbariga qarshi bo’lib turibdi. Qaddafiyning buyrug’ini bajarish fuqaroni o’ldirish bilan barobar. Bu jinoyatlar jazosiz qolmaydi”,- dedi Obama.
AQSh rahbari bu davlatda qon to’kilishini to’xtatish uchun ham harbiy, ham noharbiy choralar ustida o’ylanayapti.
“Liviya qonga botishi mumkin. Qo’shma Shtatlar xalqaro hamjamiyat bilan buning oldini olishga urinmoqda”, - deydi u.
Liviya notinch ekan, yuz minglab odam, jumladan, mehnat muhojirlari mamlakatdan bosh olib ketmoqda.
Prezident Obama chegarada qolayotgan bu insonlarni yurtiga eltish uchun AQSh harbiy samolyotlarini safarbar etdi.
“USAID – AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi ham fuqarolarni evakuatsiya qilish uchun samolyot jo’natadi”, - deydi Obama.
Qo’shma Shtatlar ikki harbiy kemani Liviya sarhadlari yaqini, Suvaysh kanaliga jo’natdi.
Pentagon rasmiylarining aytishicha, harbiy chora haqida xulosa yo’q hali. AQSh ham, NATO ham bir to’xtamga kelmagan.