Obamadan Amerikaning yahudiylari ham, musulmonlari ham norozi

  • Amerika Ovozi

Musulmonlar AQSh hukumatini Isroilning suyangan tog'i deb ayblasa, yahudiylar bugungi prezidentni Falastinning yonini olayotganlikda qoralaydi. Kelasi yilgi saylovlarda ular Barak Obamaga ovoz bermoqchi emas.

Isroil-Falastin mojarosi hal etilsa, butun jahon ahli yengilroq nafas ola boshlagan bo’lardi. Shu jumladan, Amerika, uzoq yillik vositachi, yahudiy davlatining suyangan tog’i.

Lekin AQSh Falastin ham mustaqil va suveren davlat bo’lsin deya bong urib kelmoqda. Isroil bosib olgan yerlarida o’z aholisi uchun uy-joy qurishda davom etarkan, Obama ma’muriyati undan norozi.

Obama Isroil va Falastin, ikki mustaqil davlat, yonma-yon tinchlikda yashay olishi kerak, deydi

Falastin bilan hududiy kelishmovchiliklarni hal etish kerak, deydi prezident. Ommaviy so’rovlar natijasi shunday dalolat bermoqdaki, yahudiy amerikaliklar Obamani avvalgidek quvvatlamayapti. Musulmonlarning ham xafsalasi pir bo'lgan. Odamlar prezidentni dadil qadamlar tashlamayotganlikda ayblaydi.

Yahudiylar katta sonni tashkil etuvchi Nyu-Yorkda demokrat qonunchi o’rniga yaqinda respublikachi saylandi. Obama ma’muriyati Isroildan yuz o’girgan, deydi norozi fuqarolar.

"Saylovchilar menga ovoz berib, Vashingtonda o’tirgan rahblarimizga bugungi siyosatdan rozi emasligini aytmoqda",- deydi Kongressga yo’l olayotgan Bob Turner.

Benyamin Netanyaxu, Isroil Bosh vaziri, prezident Obama bilan til topishishga qiynalmoqda

Respublikachi arbob deydiki, uning saylanishini ikki masala - iqtisod va Isroil – hal qildi.

Turnerga yo’l ko’rsatganlardan biri – Nyu-York shahar sobiq meri Ed Koch.

Koch mahallama-mahalla yurib, odamlarni Obama siyosatiga qarshi qayradi, ayniqsa dindor yahudiylarni.

Prezident, deydi u, Isroilga shartlar qo’yib, unga yordamni qirqishga urinmoqda. Yahudiy davlati tahdid ostida, deydi u.

Respublikachilar Partiyasi kelasi yilgi prezident saylovlarida Oq Uyni Obamadan tortib olish niyatida ekan, mamlakat bo’ylab nomzodlar mana shunday bayonotlar qilmoqda.

Rik Perri, prezidentlikka da'vogar respublikachi, Obamani Isroilni yakkalab qo'yganlikda ayblamoqda

Yetakchi da’vogarlar, masalan Texas shtati gubernatori Rik Perri fikricha Obama Isroilni Falastinga bosh egishga majburlamoqda. Prezident yahudiy davlatiga bosim o’tkazib, uning dardiga quloq solmayapti, deydi u.

"Bugun Amerika hukumati yaqin ittifoqchisini yakkalab qo’yishga urinmoqda. Bunga qanday chidash mumkin? Aql bovar qilmaydi",- deydi Perri.

2008 yilda yahudiy amerikaliklarning aksariyati Barak Obama uchun ovoz bergan. Prezident qayta saylanish ilinjida ekan, o’z siyosatini oqlashga tushgan.

Isroil – yaqin do’st, deya bildiradi Oq Uy.

Ashkelon, Isroil

"Prezident Isroil xavfsizligini ko’zlab ish ko’rmoqda. Uning har bir qarori buni yaqqol isbotlaydi",- deydi Jey Karni, prezident matbuot kotibi.

Falastin ham davlatga aylanishga haqli, deydi Obama ma’muriyati, lekin oldin Isroil bilan tub kelishmovchiliklar hal etilishi kerak.

G'azo sektoridagi manzara

"Tomonlar o’z manfaatlari uchun kurashmoqda va prezidentga bosimni oshirmoqda",- deydi Jon Zogbi, siyosiy tahlilchi.

"Yahudiylar azaldan birlashgan jamoa, lekin Amerika musulmonlari mana endi bir mafkura va g’oyalar ostida harakat qilib, Falastin manfaatini himoya qilmoqda".

Prezident Obama esa siyosati oydek ravshan ekanini ta’kidlaydi.

Amerika yagona va odil maqsadni olg’a surmoqda, deydi u, bir-birini davlat sifatida tan olib, bir-biriga tahdid qilmay, tinchlikda yashay oladigan ikki davlat yuzaga kelishini.