ROSSIYAGA QARSHI CHORALAR
Amerika rahbari Barak Obama fikricha, NATO tuzayotgan tezkor harbiy guruh Rossiya Ukrainaga nisbatan qilgan agressiya singari harakatlarning oldini oladi.
Dengiz, havo va maxsus kuchlardan iborat bir necha ming sonli qo'shin NATOga a'zo davlatlar tomonidan galma-gal ravishda to'ldirilib boradi va ularning xizmatiga zarurat tug'ilganda, bir necha kun ichida safarbar etilishga shay turadi.
Bir paytlar Sovet Ittifoqi tarkibida bo'lgan Latviya, Estoniya va Litva hamda bu tuzum ta'siri ostida yashagan Polsha bugun NATO a'zolari.
Obama va harbiy alyans Bosh kotibi Anders Fog Rasmussen deydiki, 28 mamlakat kiradigan ittifoq har tomonlama mustahkam.
Uelsning Nyuport shahrida o'tgan ikki kunlik sammit yakunida ikkala arbob ham Ukrainada separatist kuchlar va hukumat orasida sulhga erishilganini qutladi va vaziyat yaxshilanadi deya umid bildirdi.
"Shimoliy Atlantika harbiy ittifoqi Ukraina suvereniteti, mustaqilligi va hududiy yaxlitligini quvvatlaydi. Ukraina o'zini himoya qilishga haqli",- deydi Obama.
"Sulhdan umidvormiz lekin bilamizki, separatistlar gapida turmay keladi. Rossiya ham Ukraina suvereniteti va hududiy yaxlitligini buzishni bas qilishi lozim",- deydi AQSh prezidenti.
NATOning biror a'zosiga hujum qilinsa, bu tashkilot qonunlarining 5-moddasiga binoan butun blokka qilingan hujum deya qabul qilinadi va organ harbiy chora ko'radi.
“Bu modda haqida gapirganda, so'zimiz jiddiy va albatta Rossiya solishi mumkin bo'lgan har qanday tahdid javobsiz qolmaydi",- deydi Obama.
Sulh samara bersa, sanksiyalar olinishi mumkin biroq hozircha ularni kuchaytirish muhokamada.
"Bugun AQSh va Yevropa Ittifoqi Rossiyaga nisbatan moliyaviy, energetik va harbiy sanksiyalar qo'yish haqida kelishib oldi",- deydi Obama sammit oxirida o'tgan matbuot anjumanida.
Britaniya NATO tezkor guruhiga 3500 zobit jo'natadi. Boshqa a'zolardan hozircha bu borada aniq ma'lumot yo'q.
Bu guruh Sharqiy Yevropaning turli qismlarida harbiy bazalarga joylashadi va zarur vositalar bilan ta'minlanadi.
“Bu qaror bilan Rossiyaga shuni aniq bildirmoqchimizki, biz o'z ittifoqchilarimiz va hamkorlarimizni uning tahdidi ostiga tashlab qo'ymaymiz. Zarur qadamni tashlaymiz",- deydi Rasmussen.
Yevropada xavfsizlik bilan bog'liq vaziyat bag'oyat o'zgargani uchun shunday choralar ko'rilmasa bo'lmaydi, deydi arbob.
NATO kelasi yilgi sammitni Polshada o'tkazadi.
"ISLOMIY DAVLAT"
NATO a'zolari Iroqdagi muammolarni hal etishda ham hamkorlikni kuchaytirishga kelishib oldi.
Blok harbiylari bu mamlakatga bormaydi lekin Iroq hukumati so'rasa, safarbar etilishi mumkin. Hozircha faqat gumanitar yordam yetkaziladi va treninglarda ko'maklashiladi.
Yevropadan chiqqan yoshlar "Islomiy davlat" terror tizimida xizmat qilayotgani haqida ma'lumotlar bor va ularning kimligini aniqlab, boshqalarning ham ular safiga qo'shilishining oldini olish dolzarb vazifa, deydi rasmiylar.
NATO AQSh Iroqda ekstremist kuchlarni havodan nishonga olayotganini quvvatlab, Vashington bilan yaqindan ishlashini bayon etdi.
NATO sammitidagi xulosalardan yana biri shuki, “Islomiy davlat” terror tizimi nafaqat Yaqin Sharq tinchligi balki global barqarorlikka raxna solmoqda.
“Bu yovuz kuchga qarshi ko’rayotgan choralarimiz yuzasidan xalqaro hamjamiyat bilan fikrimiz bir. “Islomiy davlat” yo’q qilinadi. Arab davlatlari unga qarshi kurashda faollik ko’rsatadi”,- deydi prezident Barak Obama.
“Islomiy davlat” o’tgan bir oy ichida ikki amerikalikning kallasini oldi va britaniyalik mahbus ham qatl etiladi deya ogohlantirmoqda. Guruh Amerikadan unga qarshi havo hujumlarini to’xtatishni talab qilmoqda. Vashington esa maxsus amaliyotlarga yanada zo’r berishga qaror qilgan.
Suriya havo kuchlari Raqqa shahrida “Islomiy davlat” joylashib olgan nuqtalarni nishonga olmoqda. 16 kishi o’lgani haqida xabarlar bor. Mahalliy manbalarga ko’ra, halok bo’lganlar jangarilar yuritadigan novvoyxonalarning ishchilari, oddiy odamlar bo’lgan.
Vayron qilingan manzillardan biri “Islomiy davlat” ga tegishli lager, ikkinchisi esa islomiy sud joylashgan eski hukumat binosi.
Jangarilar ham o’lgan. Raqqa shimoli-sharqiy shahar bo’lib, “Islomiy davlat” uchun strategik markazlardan biri sanaladi.