Barak Obama prezidentlikka qayta saylandi

  • Amerika Ovozi

Prezident Barak Obama, rafiqasi Mishel, vitse-prezident Jo Bayden va rafiqasi Jill Chikagoda g'alabani nishonlamoqda, 6-noyabr, 2012

Bundan to'rt yil oldin dunyoning eng qudratli davlatiga rahbar etib saylangan Barak Obama xalqdan yana bir imkoniyat so'radi va mayli degan javob oldi.

"Boshlagan buyuk ishlarimizni yakunlash uchun vaqt kerak",- deydi u.

Your browser doesn’t support HTML5

G'alaba va mag'lubiyat nutqlari - Obama va Romni/Navbahor Imamova


AQShning 44-prezidenti tarjimai xoliga nazar tashlasak:

Bu yil 51 yoshga kirgan Barak Husayn Obama Obama Gavayi shtatida dunyoga kelgan.

Otasi keniyalik, qora tanli musulmon, onasi esa Kanzas shtatilik oq tanli nasroniy bo’lgan.

Otasi keyinroq oilani tark etadi va Barak Obama asosan bobosi va buvisi qo’lida katta bo’ladi. Onasi indoneziyalikka turmush chiqqach, Obama u mamlakatda ham bir necha yil yashaydi.

Barak Obama siyosiy faoliyatini 1990-yillarda Chikagoda boshlagan.

Obama, ko’pchilik nazarida, Amerikaning asl farzandi. Turli irq, din va etnik guruhlar qorishmasi.

Nufuzli oliygohlar - Kolumbiya va Garvard universitetlarini tamomlagan. Kasbi advokat, ammo yuridik firmalarda emas, ijtimoiy muassasalarda ishlagan. Huquqdan ham dars bergan.

Chikagoda jamoatchi faol sifatida tanilib olgach Illinoys shtati senatiga saylangan.

Katta siyosiy sahnaga esa 2004 yilda ko’tarildi. Jon Kerri Jorj Bush o’rniga prezidentlikka saylanishga harakat qilayotganida, demokratlar qurultoyida so’zlab amerikaliklar diliga va tiliga tushdi.

Xalq siyosiy o’yinlardan charchagan bir damda Obamadek so’zga chechan, xushbichim va zehnli yigit bir zumda Amerikadagi eng mashhur insonlardan biriga aylandi. Odamlarni birdamlik, adolat va siyosiy faollikka undadi.

O’sha yili Barak Obama AQSh Kongressiga saylandi. Oradan ikki yil o’tib, prezidentlik uchun poygaga kirdi.

Avvaliga demokratlar orasidan 10 ga yaqin nomzod bo’lgan bo’lsa, saralash musobaqalarida oxir-oqibat maydonda u va Xillari Klinton qoldi.

Uzoq va qizg’in tortishuvlar ketidan Obama nomzodlikni qo’lga kiritdi va Oq Uy uchun respublikachi Jon Makkeyn bilan bellashdi.

Saylovda “O’zgarishlar davri keldi” va “Kelajakka ishoning” degan shiorlari bilan ayniqsa yoshlarni o’ziga ergashtirdi.

Obama 2008-yilning 4-noyabrida prezidentlikka saylandi. Bu davlat o'ziga birinchi bor qora tanli rahbar tanlagani tarixiy burilish bo'ldi.

Obama ikki qizning otasi. Rafiqasi Mishel Obama ham Amerikaning nufuzli oliygohlarini bitirgan advokat.

“Erim vijdonli va iqtidorli inson. U har jihatdan qobil prezident”,- deydi Mishel Obama.

Prezident o'tgan to'rt yil ichida mislsiz muammo va jumboqlar bilan yuzlashdi. Iqtisodiyotni chuqur inqirozdan olib chiqishdan tortib sog'liqni saqlash tizimi islohotigacha, Iroq va Afg'onistondagi urushlarni tugatishdan tortib, arab dunyosidagi qonli qo'zg'olonlar va inqiloblar, qolaversa terrorizmga qarshi kurashni davom ettirish...

Obama bu vazifalarni qanchalik eplay oldi? Xalq bugungi saylov orqali unga baho berdi.

Prezidentning yaqin maslakdoshi - vitse-prezident Jo Bayden. 70 yoshli sobiq senator.

Bayden ham ishchi oilasida yetishgan. Senatga 30 yoshida saylangan. Vashington siyosatining o’nqir-cho’nqir ko’chalaridan omon chiqqan arboblardan.

Obama qayta saylanar ekan, Bayden ham lavozimda qoladi.

Your browser doesn’t support HTML5

Obama g'olib, Romni mag'lub/Obama's victory, Romney's concession