Amerika qit'asi sammitida qoradori savdosi, xavfsizlik bosh mavzular

  • Amerika Ovozi

Kolumbiyaning Turbako shaharchasida sammit arafasida Obamani qutlagan namoyishlar, 11-aprel, 2012-yil

Prezident Barak Obama shanba-yakshanba Kolumbiyada Amerika qit’asi davlatlarining oltinchi sammitida ishtirok etadi.

Obama 2009-yil Trinidad va Tobago poytaxtida Amerika qit’asi davlatlarining birinchi sammitida qatnashgan etdi. Ushbu yig’inda u mintaqa davlatlari o’rtasida o’zaro teng hamkorlikni yo’lga qo’yish tashabbusi bilan chiqqan edi. O’shanda Obama AQShning ashaddiy tanqidchisi, Venesuela prezidenti Ugo Chaves bilan ham birinchi bor to’qnash kelgandi.

Oradan uch yil o’tib 6-sammitga Kolumbiya prezidenti Xuan Manuel Santos mezbonlik qilmoqda. Hududiy xavfsizlik, taraqqiyot va iqtisodiy masalalar yig’inda ko’riladigan asosiy mavzular bo’lishi kutilmoqda.

Amerika qit'asi davlatlarining oltinchi sammitiga Kolumbiya prezidenti Xuan Manuel Santos mezbonlik qilmoqda

Prezident Obamaga ko’ra, sammit ishida olg’a siljish bor. 2011-yil Obama AQShning savdo va sarmoya bo’yicha manfaatlarini himoya qilish, hududdagi demokratik va ijtimoiy taraqqiyotni rag’batlantirish hamda jinoiy to’dalarga qarshi kurashda davlatlararo hamkorlikni yanada kuchaytirish masalalarini muhokama qilish uchun Braziliya, Chili va Salvadorda bo’ldi.

Amerika qit’asi davlatlari kengashi vakili Erik Farnsvort deydiki, o’zaro aloqalar tobora kengayib bormoqda.

“Yarimsharda o’ziga ishonch hissi ortib bormoqda. Iqtisodiyot kuchaymoqda. Ayrim davlatlarda muammo bo’lsa-da, umuman olganda, hududda demokratiya yaxshi ta’minlangan”, - deydi rasmiy.

Lotin Amerikasidagi ayrim davlat rahbarlari giyohvandlikka qarshi olib borilayotgan kampaniyani muvaffaqiyatsiz deb, uni qayta ko’rib chiqishga chaqirmoqda. Ularga ko’ra, kokain, geroin va marixuana iste’molini jinoyatlar qatoridan chiqarish kerak. Qo’shma Shtatlar esa bunga qarshi. Prezident Obama giyohvandlik bilan bog’liq jinoyatlarga qarshi kurashda AQSh hamkorlariga harbiy va iqtisodiy yordam berishda davom etishini ta’kidlaydi.

“Biz har doimgidan ko’ra ko’proq yordam berish niyatidamiz. Ayniqsa, Markaziy Amerikaning fuqaro xavfsizligini ta’minlashga doir yangi strategiyasi bo’yicha. Keyingi hafta Kolumbiyadagi sammitda shu masala muhokama etiladi”, dedi Obama.

Kuba Kolumbiya sammitida ishtirok etmaydi. Chunki u Amerika Davlatlari Tashkiloti (ADT) a’zosi emas. Mazkur tashkilot o’ziga faqat demokratik davlatlarni jamlagan.

Kolumbiya prezidenti Kubani sammitga jalb etish masalasini ko’tarmoqchi. Rasmiy Vashington esa inson huquqlari va demokratiyani poymol qiluvchi davlatni tashkilotga qabul qilishga qarshi.

Vashingtondagi Iqtisodiy va siyosiy tadqiqot markazi tahlilchisi Aleksandr Meynning aytishicha, Kubaning sammitga qo’shilishini ko’p davlatlar yoqlaydi.

Sammitda Kubani yig'inlarga jalb etish masala ham muhokama etiladi. Suratda Kubaning uzoq yillik rahnamosi Fidel Kastro (chapda) Venesuela prezidenti Ugo Chaves bilan.

“Sammitda Kubaning chetda qolgani muhokama qilinadi. Menimcha, hududda AQShdan boshqa deyarli har bir davlat Kubaning ushbu yig’inlarda qatnashishini istaydi”, deydi u.

Erik Farnsvortning aytishicha esa, Kuba masalasiga doir kelishmovchilik davlatlar o’rtasida kengayib borayotgan hamkorlikka to’siq bo’lolmaydi.

“Ular Kuba masalasi bilan o’ralashib qolmaydi. Davlatlar o’zaro munosabatlarini kengaytirib bormoqda. Ular iqtisodiy taraqqiyot va demokratik boshqaruv yo’li bilan qo’lga kiritilgan mavjud siyosiy vaziyatni barqaror ushlab turishdan manfaatdor”, deydi tahlilchi.

Venesuela prezidenti Ugo Chavesning Kolumbiyadagi sammitda o’zini qanday tutishi hozircha ma’lum emas. Strategik va xalqaro tadqiqotlar markazi tahlilchisi Stiven Jonson fikricha, Chaves yig’inga o’z ta’sirini o’tkazishga urinib ko’radi.

“U, shubhasiz, talantli aktyor. Har bir imkoniyatdan unumli foydalanib, o’z ta’sirini o’tkazishni istaydi”, deydi Jonson

Chaves so’nggi yillarda Eron bilan aloqani tobora mustahkamlab bormoqda. Ammo hududda uni qo’llab-quvvatlaydiganlar kam.