Suriya muxolifati qurol so’rarkan, AQSh ikkilanib qolgan

  • Amerika Ovozi

Salim Idris, isyonchi kuchlar qo'mondonlaridan biri

Prezident Barak Obamaning Yaqin Sharqqa safaridan asosiy maqsad - Isroil va Falastin o’rtasida tinchlik jarayonini qayta boshlash. Shuningdek, Suriyadagi urush, isyonchilarga madad ko’rsatish va Isroilning Eron yuzasidan xavotirlari ham muhokama qilinadi.

Your browser doesn’t support HTML5

Suriya-Obama safari/Navbahor Imamova


Prezident Bashar al-Assadga qarshi kurashayotgan kuchlar Qo’shma Shtatlardan qurol-aslaha so’ramoqda.

“Qurolimiz bo’lmasa, oilalarimizni himoya qila olmaymiz. Janglar davom etsa, begunoh odamlar ham o’laveradi,” – deydi Ozod Suriya armiyasidan Salim Idris.

Biroq AQSh Tinchlik institutidan tahlilchi Stiv Xeydemann fikricha, isyonchilarga harbiy yordam berish yangi tahdidlar tug’dirishi mumkin.

“Hozirmi yoki bundan 20 yil o’tibmi, amerikaliklarga hujum qilinsa va qurol AQShniki ekani aniqlansa, siyosiy oqibatlar jiddiy bo’lishi shubhasiz. Mana shunday xavotirlar mavjud”.

Isroil nazarida ham Suriya isyonchilarini qurol bilan ta’minlash salbiy oqibatlarga yetaklaydi.

Prezident Assad Eron va Livandagi Hizbulloh guruhi bilan yaqin aloqaga ega bo’lsa-da, Isroil-Suriya chegarasi ko’p yillardan beri tinch.

“Suriya muxolifatiga qurol-aslaha berilsa, vaqt o’tib ular Isroilga ham qarshi ishlatilishi mumkin. Yahudiy davlat shundan qo’rqadi. Eron-Suriya-Hizbulloh zanjiri uzilsa, o’zini zaif seza boshlagan Eron atom bombasi ishlab chiqishga qaratilgan yadroviy dasturini jadallashtirishi mumkin,” - deydi Xeydemann.

Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyaxu AQSh yetakchiligida kiritilgan sanksiyalarga qaramay Eron o’z yadroviy dasturini to’xtatmaydi, degan fikrda.

Jons Xopkins universiteti professori Rut Vedjvud tahlilicha, Vashingtonda prezident Mahmud Ahmadinajotga ta’sir qilish imkoni yo’q.

“Eron ichida Ahmadinajotning obro’si ancha pasaygan. U buni o’zgartirishga harakat qilib, yadroviy dasturini davom ettirishi mumkin. AQSh esa Eronga hech qanday ta’sir o’tkaza olmaydi”.

Oq Uy rasmiysi Josh Ernest deydiki, prezident Obama Isroil xavotirlarini yaxshi tushunadi.

“Isroil atrofidagi davlatlarda jiddiy o’zgarishlar, haqiqiy inqiroz yuz bermoqda. Isroil xalqi shuni tushunishi kerakki, Amerika ularni doim qo’llab-quvvatlaydi. Biz ularni himoya qilish uchun hamkorlikka tayyormiz”.

AQSh Davlat kotibi Jon Kerri bayon qilishicha, Vashington isyonchilarga yordam ko’rsatadi, lekin qurol-aslaha bermaydi.

Suriya muxolifati ta’biricha esa Eron va Rossiya prezident Assadga qurol uzatishda davom etar ekan, urush ham to’xtamaydi, begunoh insonlarning yostig’i quriyveradi.