Prezident Barak Obama Iroq va Suriyadagi “Islomiy davlat” jangarilari hamda G’arbiy Afrikada keng quloch yozayotgan ebola virusiga qarshi dunyoni oyoqqa turg’izish uchun BMT Bosh assambleyasiga murojaat qilmoqchi. Kuzatuvchilar nazarida AQSh global inqirozlarni hal qilishda yana yetakchilik roliga qaytmoqda.
Your browser doesn’t support HTML5
AQShning Iroqdagi urushiga barham berish hamda dunyoda AQSh harbiylari sonini kamaytirish va’dasi bilan hokimiyatga kelgan va keyinroq tinchlik bo’yicha Nobel mukofotini qo’lga kiritgan Obama yana Iroqda katta harbiy koalitsiyaga yetakchlik qilish arafasida. U BMT minbaridan turib jahonni “Islomiy davlat” jangarilari hamda Ebola virusiga qarshi boshlangan kurashga qo’shilishga chaqirmoqchi.
“Amerika bu terror xavfini qaytarish uchun keng koalitsiyaga yetakchilik qiladi. Maqsadimiz aniq: “Islomiy davlat” guruhini mukammal va puxta kurash usuli bilan zaiflashtiramiz va yakson qilamiz”, - deydi Obama.
Obama strategiyasiga ko’ra, Iroqqa AQShning 1000 askari joylashtiriladi, ammo ular to’g’ridan-to’g’ri janglarda ishtirok etmaydi.
2011-yil amerikaliklar orasida urushga qarshi kayfiyat oshgan bir paytda Obama Amerika qo’shinlarini Iroqdan olib chiqqan edi.
Ammo yangi tahdidlar oldida Obamaga nisbatan Amerika o’z kuchini ko’rsatishi kerak, degan bosimlar oshmoqda.
Bu esa Obamani qiyin ahvolga soldi, deydi Amerika Tadbirkorlik instituti tahlilchisi Maykl Rubin.
“Prezident Obamaning AQShni Iroqqa qayta olib kirmaslik qarori mutlaqo to’g’ri. Ammo muammo shundaki, Iroqda vaziyat o’zgarmoqda. Obama, g’oyaviy jihatdan, bunday harbiy harakatlarga qarshi bo’lib kelgan. Shuning uchun u ochiq hujumga o’tishdan o’zini tiyib kelmoqda”, - deydi tahlilchi.
Buninig ustiga, G’arbiy Afrikadagi ebola virusi yangi global tahdid manbaiga aylandi. Liberya va mintaqaning boshqa mamlakatlariga yordam berish uchun AQSh 3000 askar jo’natmoqda.
“Epidemiya tarqalishi bilan dunyo yordam istab AQShga yuzlandi. Bu masalada faqat Qo’shma Shtatlarda mavjud imkoniyatlardan foydalanib yordam berishga tayyormiz. Xalqaro hamjamiyatni ham oyoqqa turg’izamiz. Buni ham faqat Amerika qila oladi”, - deydi Oq uy rahbari.
Obamaning saylov kampaniyasida tashqi siyosat bo’yicha maslahatchilik qilgan Lerri Korbning aytishicha, Obamaga Iroq va Liberiya hukumatlari yordam so’rab murojaat qilgan.
“Bizni u yerlarga borishga, masalan, Liberiya prezidenti va Iroq chaqirayotgani uchun hozirgi vaziyat farqli ekanini tan olishimiz kerak”, - deydi u.
BMT doirasida Obama iqlimga oid sammitda ishtirok etib, Xavfsizlik kengashining xorijlik jangarilarga oid yig’iniga yetakchilik qiladi. Qolgan vaqtini esa “Islomiy davlat” va ebola bilan kurashga boshqa davlatlarni jalb qilishga sarflashi rejalangan.