AQSh Avstraliya harbiy bazalarida o’ziga xon, Xitoy norozi

  • Amerika Ovozi

Prezident Barak Obama, Avstraliya Bosh vazirasi Juliya Gillard

Avstraliyaga safar qilayotgan prezident Barak Obama bu hamkor davlatni olqishlab, yangi harbiy shartnoma haqida alohida to’xtaldi.

Osiyo-Tinch okeani mintaqasini bexatarroq qiladi bu bitim, dedi prezident Avstraliya parlamenti, qo’shinlari va bu yurtda xizmat qilayotgan Amerika askarlariga murojaatida.

Barak Obama zobitlar bilan Darvin shahrida ko’rishdi. Ikkinchi Jahon Urushi davrida Yaponiya bu shaharni qattiq bombardimon qilgan. U o’sha jangda halok bo’lgan askarlarni, jumladan, Amerika o’g’il-qizlarini xotirladi.

Ikki davlat imzolagan yangi bitimga muvofiq, Amerika endi Avstraliya harbiy bazalaridan kengroq foydalanishi mumkin. Bu bilan Tinch okeani regioni xavfsizligini puxtaroq ta’minlaymiz, dedi Barak Obama.

“Uzoq yillik sharafli ittifoqchilikning davomi bu”, - dedi AQSh prezidenti.

Hujjatga ko’ra, dastavval amerikalik 250 askar Avstraliyaga jo’naydi va ular malaka oshirib, tajriba almashadi. Keyinchalik zobitlar soni 2500 ga yetishi rejalangan. Ko’proq aerodromlar AQSh ixtiyoriga o’tadi.

Iqtisodiy ahvol bois Qo’shma Shtatlar qator sohalarda, misol, mudofaa xarajatlarini kesmoqda. “Biroq bu mintaqadagi ittifoqchilar unutiladi, degani emas”, - dedi Obama.

“Hududda siyosiy muvozanatni saqlab, harbiy tahdidlarning oldini olishda davom etamiz”, - dedi u.

60 yillik Avstraliya-Amerika alyansida ro’y berayotgan bu o’zgarishlar Xitoyga nisbatan ogohlantirish deb ko’rilmoqda. Ayniqsa, hududda tabiiy zaxiraga boy, aloqa yo’llarida muhim rol o’ynovchi Janubiy Xitoy dengizi talash bo’lib turgan, urush ehtimoli bor bir pallada. Dengizga Filippin, Vyetnam, Taivan, Malayziya, Bruney va Xitoy da’vogar.

Oq Uy rasmiysi, milliy xavfsizlik bo’yicha ekspert Ben Rouds yangi hujjatni qo’llab-quvvatlaydi. “Tinch Okeani mintaqasidagi hamkor mamlakatlar iltimosi bilan ish tutilmoqda”, - deydi u.

AQSh Avstraliya harbiy bazalarida o’ziga xon, Xitoy norozi

Xitoyning iqtisodiy, harbiy qudrati oshib borar ekan, AQSh qo’shinlari hududda abadiy qoladimi, degan savolga rasmiylar biror narsa deyish qiyin, deb javob beradi.

Balida o’tayotgan Sharqiy Osiyo sammitida ham xavfsizlik masalasi ko’tarilishi kutilmoqda. Barak Obama anjuman davomida Tailand, Filippin, Indoneziya va Hindiston rahbarlari bilan muzokara o’tkazadi.

Filippin Aloqa vaziri Riki Kara-dang fikricha, Amerika mintaqada tinchlikni saqlashga kata hissa qo’shmoqda.

Indoneziya Tashqi ishlar vaziri Marti Nata-le-gava esa region ikki qudratli davlat uchun kurash maydoniga aylanib qolmasa, deya xavotir bildiradi.

Rasmiy Pekin nazarida Amerika askarlari Avstraliyada joylashayotgani noo’rin va masala xalqaro hamjamiyat bilan maslahat qilgan holda yechilishi kerak.

Barak Obama esa bu ittifoqchi davlatlar armiyasi uchun malaka oshirish, tabiiy ofat va tanazzul paytida ham yordam olish imkoniyatidir, deydi.