Prezident Barak Obama Kongressni boyvuchcha-millionerlar uchun soliqni oshirishga undamoqda. Respublikachilar hukmron Vakillar Palatasi bunga qanchalik qarshi bo’lmasin, Obama umidni boy bermayapti.
“Kongressdagi vakilingizga talab qo’ying, boylar ko’proq soliq to’lasin”, - deydi u, Florida va Vashingtonda saylovchilar bilan uchrashar ekan.
Bu boradagi qonun loyihasiga Vorren Baffetning nomi berilgan. Baffet, ma’lumki, dunyodagi eng badavlat insonlardan biri.
U va boshqa ko’plab milliarderlar Barak Obama tarafida, ya’ni jamiyatning eng boy qatlamiga ko’proq soliq solish kerak deydi.
Xususiy sektor ish o’rinlari yaratadi deb siylangan yirik kompaniya va firmalarning egalari daromadni xalq bilan bo’lishmaydi, deydi Obama.
Bizneslarni quvvatlab keladigan respublikachilar nazarida prezident tadbirkor va bizneslarga soliqni oshirish kerak deb sotsialistik g’oyalarni targ’ib qilmoqda, kapitalist tuzumga tahdid solmoqda.
Obama shu tariqa shtatma-shtat kezib, soliq siyosatini yangilash uchun kurashni davom ettirmoqda.
Qonun loyihasi kelasi hafta Senatda ovozga qo’yiladi. Hujjat ma’qullanmasligi mumkin, lekin demokratlar “iqtisodiy adolat talabini olg’a suraveramiz” deydi.
U Barak Obamani iqtisod bobida zaif rahbar deb ta’riflaydi. Qayta saylanish umidida yurgan prezident nahotki soliqni ko’tarish haqida gapirmoqda, deya hayron bo’ladi Romni.
Amerika yaxshi yashasin desak, fuqarolar cho’ntagida ko’proq pul bo’lishi kerak, deydi u.
Oq Uy nazarida esa Mitt Romni saylov kampaniyasida va’dabozlik qilmasdan, butun Amerika iqtisodiyotini ko’taradigan konkret g’oyalar bilan chiqishi kerak.