Orlando fojeasidan aziyat chekkanlarga yordam ko'rsatilmoqda

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

AQSh hukumati, ko'ngilli tashkilotlar hamda fuqarolar Orlando xuruji qurbonlari yaqinlariga va omon qolganlarga yaqindan yordam berishga urinmoqda. Fojeada 49 kishi halok bo'lgan va yana ko'plab odam yaralangan. Aziyat chekkanlarga nafaqat AQShning boshqa shtatlaridan, balki butun dunyodan ko'mak kelmoqda.

Orlando ma'muriyati va Federal Qidiruv Byurosi shahar stadionida yordam markazi tashkil etdi. Fojeadan omon qolganlarga va qurbonlar yaqinlariga ruhiy yordam ko'rsatish uchun olti yuzdan ortiq mutaxassis ko'ngilli sifatida xizmat ko'rsatmoqda.

Florida gubernatori Rik Skot ham motam tutayotgan oilalar oldiga borib, ko'ngil so'radi.

"Bu bir jinslilar jamoasiga qaratilgan hujum ekani aniq. Ispanzabonlarni, Orlandoni nishonga olgan xuruj bu. Mamlakatimizga qilingan terror hujumi", - dedi u.

"Disney World" mezboni sifatida taniqli Orlando shahri rahbariyati jabrlanganlar uchun maxsus yordam fondi tashkil etdi.

"Ikki kun avval Orlando jamg'armasi ochilganini e'lon qilayotganimdan mamnunman. Allaqachon 3,6 milliard dollar yig'dik va bu raqam o'sib bormoqda. "Disney World" bir million dollar berdi. "Orlando Magic and DeVos" oila jamg'armasi 500 ming, "J.P. Morgan" ham 500 ming dollar ehson qildi", - dedi shahar meri Buddi Dayer.

Orlando politsiyasi jurnalistlardan qotil bilan o'q almashgan politsiyachilarni ortiq bezovta qilmaslikni so'radi.

"Ularning oilalari davrasida o'zlariga kelishiga imkon bering. Ular tergov ishlari haqida ma'lumot bera olmaydi", - dedi politsiya rahbari Jon Mina.

Politsiya otishma ketidan ayrim diniy va etnik ozchilik guruhlarga nisbatan tahdidlar yangragani yuzasidan ham ma'lumot berdi.

"Aniq-tiniq qilib aytay: fuqarolik huquqlari buzilishiga yo'l qo'ymaymiz. Irqi, dini yoki jinsiy oriyentatsiyasi bois biror kishiga nisbatan tazyiqlarni qattiq tekshiramiz", - dedi rasmiylardan biri Ron Hopper.

Orlando tez fursatda eski hayotga qaytishi mumkin,ammo fojea asorati odamlar qalbida hali uzoq qoladi.