"Oskar" mukofotiga nomzodlar kim?

  • Amerika Ovozi

“Oskar” sohiblari 2-mart kuni ayon bo’ladi.

AQSh Kinoakademiyasi bu yil bosh sovrin “Oskar”ga da’vogar filmlar nomlarini e’lon qildi.

Your browser doesn’t support HTML5

Gollivud, "Oskar" mukofoti/Nasiba Tohir


Stiv Makuinning “Qullikda o’tgan 12 yil” (12 Years a Slave) dramasi shimoldan olib qochilib, qullikka sotilgan erkin inson haqida. Eng zo’r film toifasida g’olib bo’lishi taxmin qilinadi. Bosh rolni ijro etgan Chivetel Ejiofor eng yaxshi akyor, muallif Stiv Makuin esa eng mohir rejissyor mukofotini olishi mumkin. Lekin ularning raqiblari ham kuchli.

“Amerikacha qalloblik” (American Hustle) nomli komediya Oskar mukofoti uchun poygani qizdirib yubordi. Unda aktyor Kristian Beyl firibgar Irvin Rozenfeld rolida chiqadi. Xushtori bilan razvedka qo’liga tushib, Nyu-Jersidagi mafiyaga ayg’oqchi bo’lib kirishga majbur qilinadi. Film rejissyori Deyvid Rassel o’tgan yili “Sevgilim - telba” (Silver Lining Playbook) nomli komediyasi uchun “Oskar”ga da’vo qilgan edi.

“Amerikacha qalloblik” filmida yosh, iste’dodli aktyorlar suratga tushgan. Jennifer Lorens va Kristian Beyl avval “Oskar” bilan siylangan, Bredli Kuper va Eymi Adams esa bosh mukofotga nomzodi ko’rilgan. Bu safar Eymi Adams Kinoakademiya tomonidan "Oskar"ga loyiq topilsa ajabmas.

Martin Skorsezening “Uoll Strit bo’risi” (The Wolf of Wall Street) nomli filmi AQSh moliya markazi vakilining 2008-yilgi tanazzuldan oldingi shohona hayoti haqida. Unda bosh rolni Leonardo Di Kaprio ijro etgan. Film real obraz, Uoll Stritdagi firiblari bilan boyib ketgan Jordan Belford haqida. Moliyaviy qalloblik va korrupsiyaga doir bu asar oltin halkalchaga asosiy da’vogarlardan. Leonardo Di Kaprioning ijrosi maqtalayotgan bo’lsa-da, kinoshunoslar nazarida, u o’ynagan qabih obraz oliy sovringa loyiq ko’rilmasligi mumkin.

Alfosno Kuaronning “Tortishish” (Gravity) dramasi atrofida ham shov-shuv. Ochiq kosmosda adashib qolgan fazogirlar haqidagi asar, unga xos haybat odamni lol qoldiradi. Sandra Bullok va Jorj Kluni bosh rollarni ijro etgan. Filmdagi maxsus effektlar mutaxassislar tahsiniga sazovor bo’lmoqda.

Kinoakademiya sovrindori Tom Xanks va taniqli rejissyor Pol Gringrass birgalashib qaroqchilar haqida film ishladi. “Kapitan Fillips” (Captain Phillips) nomli film real voqea, kemasi Somali qaroqchilariga taslim bo’lgan inson haqida. Tanqidchilar fikricha, rejissyor Gringrass kapitanni haddan tashqari ideal tasvirlagan. Oddiy tomoshabin orasida esa film ixlosmandlari kam emas.

“Oskar” sohiblari 2-mart kuni ayon bo’ladi.