“Qirg’izistonda o’zbek lideri bo’lish – xavfli maqom”

Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining inson huquqlari va demokratiyaga doir sessiyasi. Varshava, 24-sentabr.

Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining (OSCE) Polshadagi anjumanida ko’tarilgan masalalardan biri Qirg’izistondagi vaziyat, xususan, O’sh qirg’inidan ikki yil o’tib ham etnik nizo tahdidi saqlanib qolayotgani bo’ldi.

Ekspertlar ikki xalq orasida taranglikni siyosiy-ijtimoiy darajadagi muloqotlar bilan yechishni taklif etadi. Biroq Qirg’izistonda o’zbek liderlari davlat dushmani sifatida e’lon qilingan, ozchilikdagi faollik siquvga olingan bir paytda bunday muloqotning iloji bormi?

Varshava anjumanida taniqli ekspertlar - O’sh voqealarini o’rgangan xalqaro komissiya rahbari Kimmo Kilyunen, qirg’izistonlik huquq himoyachisi Aziza Abdurasulova, rossiyalik ekspertlar Vitaliy Ponomarev, Yelena Ryabinina, Igor Savinlar qatnashishdi.

Muhokama boshida Belgiyada ro’yxatdan o’tgan, Alisher Navoiy instituti ishlagan film namoyish qilindi. O’zbekiston va Qirg’iziston jamoatchiligi vakillari ishtirok etgan filmda millatlararo taranglikni muloqot yo’li bilan, adolatni tiklash orqali yechish mumkin ekani haqida gap boradi.

Ekspertlar nazarida mamlakatda milliy taranglik va o’zaro adovat hamon kuchli. Janubdagi fojea yuzasidan faqat o’zbeklarni ayblash davom etmoqda, hukumatda bu taranglikni hal qilish uchun iroda yo’q, deydi ular. Ikki xalq o’rtasida muloqot o’rnatish uchun avvalo hukumatning o’zbeklarga munosabati o’zgarishi kerak, deydi “Memorial” inson huquqlari tashkiloti vakili Vitaliy Ponomarev.

“Qirg’iziston siyosiy doiralarida o’zbeklarga nisbatan qaror topgan ayirmachilik muloqotga imkoniyat qoldirmaydi. Avval, o’zbeklar jamoa shaklida, deputatlar, ko’zga ko’ringan yetakchilari orqali rahbariyat bilan muomala qilar edi. Hozir yetakchilarning deyarli hammasi jinoyatchi deb topilgan, yangi liderlar esa yo’q, chunki bugun bu maqom nihoyatda xavfli”, - deydi Ponomarev.

Uning so’zlariga ko’ra, hozirgi siyosat Qirg’iziston mustaqillikka erishganidan beri iqtisodiy-ijtimoiy taraqqiyotga hissa qo’shib kelgan o’zbeklar o’rni va ahamiyatini yo’qotishga qaratilgan.

Anjumanda taniqli ekspertlar - O’sh voqealarini o’rgangan xalqaro komissiya rahbari Kimmo Kilyunen, qirg’izistonlik huquq himoyachisi Aziza Abdurasulova, rossiyalik ekspertlar Vitaliy Ponomarev, Yelena Ryabinina, Igor Savinlar qatnashishdi. Malik Mansur olgan surat


“O’zbek yetakchilari davlat dushmani sifatida e’lon qilingan bir paytda qanday muloqot haqida gap bo’lishi mumkin?” - deydi Ponamarev.

Kimmo Kilyunen Qirg’iziston hukumatini milliy ozchilik manfaatlarini hisobga olgan siyosiy dastur ishlab chiqishga chaqiradi. Insoniyatga qarshi jinoyat sifatida baholangan, janubdagi to’qnashuvlar yuzasidan faqat o’zbeklar javobgarlikka tortilayotgani vaziyat keskinlashishi uchungina xizmat qilishi mumkin, deydi u.

Sessiya ishtirokchilari. Malik Mansur olgan surat


Muhokamaga ko’ra, bir yoqlama olib borilayotgan jazolash kampaniyasi bu voqealarda hukumat kuchlari, harbiylari ishtirokini mutlaqo chetlab o’tmoqda.

Huquq himoyachisi Aziza Abdurasulova voqealarda harbiylar aralashuvi rasman qayd qilingan hollar ham tegishli organlar tomonidan inobatsiz qolganini aytadi.

Your browser doesn’t support HTML5

Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti sammitida Qirg'iziston masalasi/Malik Mansur


Your browser doesn’t support HTML5

Kundalik Eshittirish



“Biz chegara harbiy qismidan ikkita snayper 11-iyun kuni ertalab soat 11 lar atrofida Sulaymon tog’iga chiqarilganini hujjatli asosda aniqlaganmiz. Bu snayperlar u yerda nima qilishgan, nimalarni ko’rishgan, otishganmi, kimlarni, o’zlari bilan qancha o’q-dori olgan? Bu faktlarni aniqlashtirish ustida tegishli organlar ishlashi kerak. Bizning vakolatimizdagi masala emas. Voqealar paytida esa o’zbeklar tomonidan ham, qirg’izlar tomonidan ham snayperlar o’qiga duch kelib o’lganlar haqida ma’lumot ko’p. Yoki harbiy qismdan qurollarning tortib olinishi yuzasidan ham hamon biron bir ish ochilmagan”, - deydi Abdurasulova.

Bu tadbir milliy taranglik bugun Qirg’izistondagi ayrim siyosiy doiralarga qo’l kelayotganiga ham e’tibor qaratadi. Xalqaro tashkilotlar, xususan, Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotini elatlar haq-huquqlari masalasida faolroq pozitsiyada bo’lishga chaqiradi.

Qirg'iziston janubi, 2010-yilning yozi:

Qirg'iziston janubida 2010-yilning yozida olingan suratlar