YXHT: O'zbekistonda prezidentlik uchun raqobat kuzatilmayapti

O`zbekiston prezidentligi uchun saylov kampaniyasi nomzodlar o`rtasidagi bahs-munozarasiz o`tmoqda. Bu haqda Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti (YXHT) missiyasi xabar berdi. Saylov kuniga bir haftadan ko`proq vaqt qoldi; muddatidan avval ovoz berish 24-noyabrdan boshlangan. Nomzodlar orasida esa prezidentlik uchun raqobat kuzatilmaydi.

Saylovda mamlakatdagi mavjud rasmiy partiyalardan to`rt nafar nomzod qatnashmoqda. Ammo faollar mustaqillik tarixida ilk bor Karimov ishtirokisiz o`tayotgan saylovlarda demokratik imkoniyatlar boy berilganidan afsusda.

O`zbekistondagi saylovlarni kuzatayotgan YXHT missiyasi prezidentlik saylov kampaniyasiga doir oraliq hisobotini e`lon qildi. Hisobot prezidentlikka nomzodlar o`rtasida siyosiy debatlar o`tkazilmayotgani, tashviqot jarayonida ham, uchrashuvlarda ham hukumatga nisbatan tanqidlar bildirilmayotganiga diqqat qaratadi. YXHTga ko`ra, siyosiy debatlar mamlakat saylov qonunchiligida ko`zda tutilgan.

Bu sentabr oyidan boshlangan saylov kampaniyasi haqidagi dastlabki xalqaro hisobot. O`zbekiston prezidentligi uchun o`tayotgan bu safargi saylovlar xalqaro miqyosda kuzatilayotgani bilan Karimov davridagi saylovlardan farq qiladi. Saylov ssenariysi esa xuddi avvalgidek qolgani aytilmoqda.

Toshkentlik faol Abdulla Tojiboy o`g`li bir necha yillardan buyon “Adolatli saylovlar uchun” tashkilotini ro`yxatdan o`tkazishga harakat qilib keladi, hozircha samarasiz. Yaqinda u O`zbekistondagi saylovlarni kuzatayotgan YXHT missiyasi vakillari bilan uchrashgan, saylov kampaniyasi yuzasidan o`z fikrlarini bildirgan. Uning ishonishicha, saylov jarayoni Karimov davridagidan farq qilmaydi.

“Ko`rinishicha hammasi eskicha uslubda ketayapti. Yangi prezident ma`lum. Qolgan uch nomzod xalqaro jamoatchilik, O`zbekiston aholisining ko`zini bo`yash, saylov demokratik tarzda o`tdi degan narsani ko`rsatish uchun qatnashishayapti. Ular uchun ikki foizdan ovoz ajratiladi, xolos. Qolgan 90 foizini esa hozirgi oldindan ma`lum bo`lib turgan nomzod oladi”, - deydi u.

O`zbekiston prezidentligi uchun kurashayotgan nomzodlar - Sarvar Otamurodov, Narimon Umarov, Xatamjon Ketmonov va g`olibligi shubhasiz ko`rilayotgan muvaqqat prezident Shavkat Mirziyoyev saylovoldi uchrashuvlarini davom ettirishmoqda. YXHT missiyasi hisobotida ta`kidlanganidek, bu uchrashuvlarda tanqidlar kuzatilmaydi, muammolar haqida gapirilmaydi.

Shavkat Mirziyoyev 24-noyabr kuni Toshkent shahar saylovchilari bilan uchrashgan, poytaxtda Karimov xotirasiga xiyobon barpo etish, mamlakatni iqtisodiy yuksaltirish haqida gapirgan. Nomzodlarning saylovchilar bilan uchrashuvlari qanday tartibda o'tayotgani, kimlar bu uchrashuvlarda qatnashayotgani ko`pchilikka ma`lum emas.

“Bizning mahalladagi saylov uchastkasida uch ming kishi ovoz beradi. Men uchastkadagilar bilan gaplashsam nomzodlar bilan uchrashuv o`tmaganini aytishmoqda. Mirziyoyev hamma jabhada Karimov siyosatini davom ettiraman, deyapti, ko`pchilikni ham hayratga soladigani shu. Bu esa o`sha korrupsiya, qonunlar buzilishi, ishsizlikning davom etishi degani yoki saylovdan keyin uning bu fikrlari o`zgararmikan”, - deydi Abdulla Tojiboy o`g`li.

O`zbekistonda prezident saylovlariga 10 kun qolar ekan, “Ijtimoiy markaz” tashkiloti aholining siyosiy faolligi yuzasidan o`tkazilgan so`rovnoma natijalarini e`lon qildi. Markaz xulosasiga ko`ra, 97 foizdan oshiq aholi saylovda qatnashish istagini bildirgan. Bu Karimov davridagi saylov ko`rsatkichlariga juda yaqin. Ayrim mustaqil axborot vositalari esa aholi saylovlarning taqdiri oldindan ma`lum ekanini yaxshi bilishi, shuning uchun ham saylovlarga qiziqish mutlaqo sezilmayotgani haqida yozmoqda. Aholining saylov kampaniyasiga qiziqishini belgilovchi nomzodlarning siyosiy debatlari esa haligacha kuzatilmagan.

“Faqat Abdusalomov (Markaziy saylov komissiyasi raisi) reklama qilib turibdi saylovda hammanglar qatnashinglar deb. Lekin nomzodlarning o`zi na televideniyeda yoki ochiq maydonlarda saylovchilar bilan uchrashib, debat, bahs-munozaralar qilayotgani yo`q, nima qilib berishlari mumkinligi haqida. Menimcha, ular hamma targ`ibotni Abdusalomning zimmasiga yuklab, o`zlari divanlarda yonboshlab, ko`pchilikning ovozini olmoqchi, shekilli”, - deydi Abdulla Tojiboy o`g`li nomzodlarning saylov targ`ibotiga doir vaziyat haqida.

O`zbekistonda prezidentlik saylovlari mamlakatni 27 yil avtoritar, muqobilsiz boshqargan Islom Karimovning vafotidan so`ng muddatidan avval o`tkazilmoqda. Bu safargi saylovlar O`zbekistonda haqiqiy demokatik o`zgarishlar boshlanishi, adolatli ochiq saylovlar o`tishi uchun imkoniyat sifatiqa qarab kelinayotgan edi.

“Meni hayratga soladigan narsa shuki, mayli, Xudo rahmat qilsin, Karimov o`tdi. Lekin bu yoqdagi nomzodlar, men aynan shu rasmiy partiyalardan ko`rsatilgan nomzodlarni nazarda tutayapman, hammasi birdaniga haqiqatda men prezident bo`laman, deb ochiq, aniq kurashish uchun siyosiy maydonga chiqishganda vaziyat boshqacha bo`lishi mumkin edi. Lekin bunday bo`lmadi, asosiy nomzod ma`lum, boshqalari shunchaki nomiga. Menimcha, hozir ham totalitar siyosatning bosimi davom etyapti”, - Abdulla Tojiboy o`g`li.

O`zbekiston prezidentligi uchun saylovlar 4-dekabr kuni o`tadi. Ayni paytda O`zbekistonni Shavkat Mirziyoyev muvaqqat prezident sifatida boshqaryapti, yangi prezident 5 yillik muddatga saylanadi.