Pokistondagi afg'on qochqinlari ro'yxatga olinadi

  • Amerika Ovozi

Pokistondagi afg'on ayollari vataniga qaytish arafasida. BMTning Peshavardagi qochqinlar idorasi yonida. 2-fevral 2015-yil.

Pokistonda hech qanday hujjatsiz yashayotgan bir million afg’on ro’yxatga olinadi. So’ngra ularga vataniga qaytish yoki hujjat olib Pokistonda qolish imkoni beriladi. Bu harakatlar ikki davlat uchun jiddiy boshog’riqqa aylangan muammoga chek qo’yadimi?

Pokistonda afg’on qochqinlari muammosi ikki tomonlama munosabatlarga soya solmoqda. Islomobod qochqinlarni jinoyatchilar va jangarilar safiga qo’shilayotgan asosiy kuch deb biladi. BMTga ko’ra, Pokistonda 1,6 million afg’on qochqini ro’yxatga olingan, ammo yana qariyb bir million odam hujjatsiz yashamoqda.

Islomobodning aksil-terror harakatlari afg’on qochqinlarini vataniga qaytarishni ko’zda tutadi. So’nggi uch oy ichida politsiya asosan afg’onlar yashaydigan mahallalar va qochqinlar lagerlarida reydlar uyshtirdi. Natijada qariyb 50 ming odam Afg’onistonga qaytdi. Aksariyati hujjatsiz odamlar. Pokiston rahbariyati ularni xavfsizlik uchun tahdid deb ko’rmoqda.

Islomobod qochqinlarni 2015-yil oxirigacha vataniga qaytarish niyatida. Ammo uyga yo’l olayotganlar oqimi jiddiy byudjet va xavfsizlik muammolariga yuz tutgan Kobulni ham tashvishga solmoqda.

O’tgan hafta Islomobodda bo’lib o’tgan muzokaralar muammoni bir oz bo’lsa-da, yengillashtiradigan ko’rinadi.

Afg’on qochqinlari bosh komissari Imron Zeb Xonning “Amerika Ovoziga” aytishicha, bir milliondan ziyod hujjatsiz afg’on ro’yxatga olinadi. Bu ishga olti a’zodan iborat Afg’on-Pokiston qo’mitasi bosh-qosh.

“Ro’yxatga olish jarayoni qariyb to’rt oy davom etadi. Bu vaqt ichida bir million afg’onga hujjat beramiz. Ularga Afg’oniston hukumati ajratayotgan grantni olib, vataniga qaytish va yangi hayot boshlash yoki Pokistonda qolmoqchi bo’lsa, pasport va kerakli viza olish taklif etiladi”, - deydi Imron Xon.

Ammo Pokistonda qolishni istaganlarga qochqin maqomi berilmaydi, chunki ular noqonuniy mehnat muhojiri, deydi rasmiy.

Uning shuningdek ma’lum qilishicha, Pokistonning Xaybar-Paxtunxva viloyatida reydlar davomida hibsga olingan ko’p odamning hujjati bo’lmagani bois ularning afg’on yoki pokistonlik ekanini aniqlash imkoni yo’q. Reydlar faqat afg’onlarni nishonga olayotgani haqidagi gaplar asossiz, deya ta’kidlaydi Xon va bunday amaliyotlar kelajakda ham uyushtirilishini aytadi.

Afg’onistonning Qochqinlar va qayta qurish ishlari vaziri Sayid Husayn Olimiy Balxiy rasmiy Kobul qochqinlar masalasini hal etishga tayyor ekanini ta’kidladi.

O’tgan hafta Islomobodda bo’lib o’tgan uchrashuvda BMT, Pokiston va Afg’oniston xalqaro donorlarga murojaat qilib, Afg’oniston ichidagi ahvolni yaxshilash, xususan vatanga qaytayotgan odamlarga boshpana, ish va boshqa turdagi yordam ko’rsatish uchun mablag’ so’rashga kelishib oldi.

BMT rasmiylari mamlakatda vaziyat tobora barqarorlashishi va Pokiston bilan aloqalar yaxshilanishiga ishonadi. Ammo tashkilotning qochqinlar masalasi bilan shug’ullanuvchi rasmiysi Indrika Ratvatte bu mamlakatlar xalqaro hamjamiyat yordamiga muhtoj, deydi.

“Xalqaro hamjamiyat endi ikkala hukumatni qo’llab-quvvatlashi kerak. Hozirgi imkoniyatni boy bersak bo’lmaydi. Afg’onistonda o’tish jarayoni yakunlandi. Albatta, qiyinchiliklar ko’p, lekin muammoni hozirda hal etish kerak. Xalqaro hamjamiyat bizga yordam bersin”, - deydi Ratvatte.

Pokiston, Afg’oniston va BMT rasmiylari avgustda Kobulda uchrashib, Islomobodda qabul qilingan qarorlar ijrosini muhokama qiladi.