Xitoy, Pokiston va Rossiya mulozimlari bugun Moskvada uchrashib, o'zini "Islomiy davlat" deb ataydigan ekstremist guruhdan kelayotgan tahdidlarni muhokama qilmoqda.
Pokiston diplomatlariga ko'ra, mintaqaviy barqarorlik, jumladan Afg'onistondagi vaziyatni muhokama qilish uchun tashkil etilgan norasmiy uchrashuv bu. Kelajakda Eron ham qatnashishi mumkin.
Xitoy, Pokiston va Rossiyani bir yoqadan bosh chiqarishga undayotgan omil, deydi rasmiylar, "Islomiy davlat" bilan hamkor guruhlar Afg'onistonda o'rnashib olishga urinayoganidir.
Ammo Kobul uch tomonlama uchrashuvdan asl maqsad nima, deya so'ramoqda. Chunki Afg'onistondan hech kim taklif etilmagan.
Rossiyaning javobi shuki, "Daish"ni jilovlash uchun qator tashabbuslar ilgari surilgan va mintaqa davlatlari bilan keng hamkorlikni yo'lga qo'yish zarur.
Bundan tashqari, Moskvadagi yig'inda Tolibonni afg'on hukumati bilan muloqotga ko'ndirish masalasi ham muhokama qilinadi. Pekin, Islomobod va Moskva bu harakat bilan aloqada.
Rossiya va Pokistonning da'vo qilishicha, Afg'onistonda AQSh olib borayotgan harbiy amaliyotlar Tolibonni zaiflashtirgani yo'q. Aksincha, nazoratsiz hududlar paydo bo'lgan va u yerlarda "Islomiy davlat" kabi guruhlar o'rnashib olmoqda.
Rossiyaning BMTdagi elchisi Vitaliy Churkin o'tgan hafta Xavfsizlik Kengashida nutq so'zladi. Unga ko'ra, Suriya va Iroqdan qochayotgan jangarilar Afg'onistondan panoh izlayapti. Ular bora-bora Rossiyaga ham tahdid solishi mumkin, deydi u.
"Afg'onistondagi jangari lagerlarida Markaziy Osiyo va Kavkazdan odamlar bor. Suriyadan 700 terrorchi oilasini ham allaqachon olib kelgan", - deydi Churkin.
Tolibon bilan aloqamiz Afg'onistondagi vaziyatni izdan chiqarishga qaratilmagan, deydi elchi.
"Maqsadimiz Afg'onistondagi ruslar xavfsizligini ta'minlash. Shuningdek, Tolibonni muzokaraga ko'ndirish", - deydi Rossiya diplomati.
AQShning aksil-terror kuchlari "Islomiy davlat"ga qarshi yirik operatsiyalar o'tkazgan bo'lsa, Tolibon ham bu guruhga raqib deb qaraydi. Rossiya toliblarga bu to'daga qarshi kurashda yordam berayotganini bildiradi.
Afg'onistondagi xalqaro qo'shin qo'mondoni general Jon Nikolson fikricha, Rossiya va Eron Tolibon bilan muloqot qurgani bu guruhga qonuniy maqom bergandek gap.
"Islomiy davlat"ga qarshi afg'on hukumati emas, Tolibon kurashyapti, degan gaplarni eshitasiz Rossiyadan", - deydi general.
Kobul va Vashingtondan yana bir shikoyat shuki, Pokistonning Tolibon va Haqqoniylar guruhi bilan aloqasi urush hali uzoq yillar davom etishiga, jangarilar Afg'onistonda nufuzini oshirishiga xizmat qilmoqda.
Islomobod bu da'volarni rad etadi. Pokiston Afg'oniston tinchligi uchun hissa qo'shib kelayotganini qayd etib, oradagi 2600 kilometrlik chegara xavfsizligi uning uchun ham muhim ekanini eslatadi.
"Afg'oniston o'z muammolarini, nuqsonlarini yashirish uchun aybni Pokistonga to'nkamasin", - deydi Pokiston Tashqi ishlar vaziri Ayzaz Choudri.