Birlashgan Millatlar Tashkiloti hisob-kitobiga ko’ra, Pokiston janubini yana bir toshqin urib, bir million odam uyini tashlab chiqishga majbur bo’lgan. Bir oydan beri ofat bilan olishayotgan yurtda ahvol yanada og’irlashgan.
Toshqin shu paytgacha 1600 odamni hayotdan olib ketib, 20 million fuqaroni bor-budidan ayirgan. AQSh va Pokiston rasmiylarini xavotirga solayotgani - Tolibon gumanitar tashkilot xodimlarini nishonga olishi mumkin.
Qo’shma Shtatlar hozirgacha 200 million dollar yordam ajratib ulgurdi. Bu madadni tarqatib, Pokiston ahliga yordam berish bilan gumanitar xodimlar shug’ullanadi.
Tolibon kuni-kecha e’lon qilgan bayonot AQSh rasmiylarini jiddiy o’ylantirib qo’ygan. Pokiston hukumati xavfsizlik choralarini mahkam qilishga kirishmoqda.
Toliblar vakili Associated Press axborot agentligi bilan suhbatda Amerika va g’arbni g’alamislikda, yordam tarqatib, yashirin rejani ko’zlayotganlikda ayblagan. Pokiston yerida bir to’da ajnabiy bemalol yurishiga yo’l qo’ymaymiz, deydi toliblar.
Gumanitar madadni boshqarib turgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti bu do’q-po’pisadan qo’rqadigan odam yo’q, ishni davom ettiramiz, deydi.
Davlat departamenti matbuot kotibi Filip Krouli xavf asosli ekanini tan olib, Pokiston tomoni bilan himoya choralari ustida ishlayapmiz, deydi. Afg’onistonda toliblar nimaga qodir ekanini namoyish etgan, xorijlik mutaxassislar hayoti doimo xavf ostida.
“Real tahdid bilan yuzlashib turibmiz”, - deydi Filip Krouli, department vakili. Jangarilar hech narsadan tap tortmaydi. Ular Pokiston xalqini umuman pisand qilmaydi”, - deydi so’zlovchi.
Tahlilchilar nazarida xalqaro hamjamiyat Pokistondagi ofatga avvaliga sust javob bergan. Biroq sekin-asta yordam oqimi oshib, deylik, AQShda xususiy sektor ham hissa qo’sha boshlagan. Bu madadni Pokistonga safarbar etilgan Amerika vertolyotlari, harbiylar tarqatmoqda.