Pokiston armiyasi o'nlab jangarini yo'q qildi

  • Amerika Ovozi

Peshovar, Pokiston

Pokistonning Peshovar shahrida shu hafta toliblar maktabga hujum qilgani ortidan piyoda qo'shinlar va havo kuchlari 58 jangarini yo'q qildi.

Mamlakat uch kundirki, motam tutayotgan bir paytda Xaybar viloyatida armiya jangarilar manziliga hujum qilgan. Balujiston viloyatidagi boshqa bir operatsiyada yana sakkiz jangari, jumladan, Tolibon qo'mondoni o'lgan.

Peshovar shahrida harbiylarga qarashli maktabda seshanba kuni ro'y bergan qatliom jahon ahlini dahshatga soldi. Voqea ortidan Bosh vazir Navoz Sharif o'lim jazosiga qo'yilgan moratoriy-cheklovni bekor qildi. Payshanba kuni Pokiston armiyasi rahbari olti nafar ashaddiy terrorchiga oliy jazo belgiladi.

Armiya bu odamlarning ismi-sharifini ma'lum qilmayapti. Mahalliy matbuotning yoritishicha, ularning shaxsi o'limidan keyin e'lon qilinishi mumkin. Bu qaror apellyatsiya qilinmaydi va mahbuslar tez kunda dorga osilishi kutilayapti.

Mahbuslar Ravalpindi shahridagi harbiy bazaga hujumga va sobiq prezident Parvez Musharraf hayotiga suiqasd qilishga urinishga aloqadorligi aytiladi.

Inson huquqlari bo'yicha Xalqaro amnistiya va "Human Rights Watch" tashkilotlari Bosh vazir Navoz Sharifning qarorini tanqid qilmoqda. Muammoni hal qilmaydi bu tashabbus, deb hisoblaydi huquq tashkilotlari.