Pokiston NATO yuklari uchun tranzit yo'llarini qayta ochmoqda

  • Amerika Ovozi
AQSh Davlat kotibasi Xillari Klintonning aytishicha, Pokiston NATO uchun yo'llarni qayta ochmoqda. Qo'shni davlatdagi xalqaro koalitsiyaga zarur harbiy va noharbiy yuk tashiladigan yo'nalishlar o'tgan yilning noyabridan beri yopiq edi.

O’tgan yil noyabrida AQSh havo hujumida 24 pokistonlik askar o’lgach, rasmiy Islomobod o’z hududi orqali yuk o’tkazishni to’xtatgan edi.

Xillari Klinton 3-iyul kuni telefonda Pokiston Tashqi ishlar vazirasi Hina Rabboniy Xar bilan gaplashgan va yuqorida tilga olingan voqea yuzasidan afsus bildirgan. AQSh xaotolarini tan olgan.

Qo'shma Shtatlar Pokiston armiyasiga yetkazilgan zarar va talofat uchun uzr so'ragan. Pokiston murosa qilishga tayyor ekanini aytib, hamkorlik har narsadan ustun ekanini bildirgan.

Pokistonning Karachi shahrida turib qolgan yuzlab yuk mashinalari safar harakatini boshlagan. Klintonning aytishicha, Pokiston vazirasi tranzit haqi olinmasligini aytgan.

NATOning bu mamlakatdan o'tadigan ta'minot yo'llaridan biri Xaybar dovoni orqali Kobulga boradi. Yana biri esa Balujiston viloyati orqali Qandahorga.

AQSh Mudofaa vaziri Leon Panetta deydiki, bu yo'nalishlar yopilgach, yukni Markaziy Osiyo orqali olib o'tish uchun Pentagon 100 million dollar ortiqcha xarajat qilayotgan edi.

Markaziy Osiyo, xususan, O'zbekiston hududidan o'tadigan Shimoliy ta'minot tizimi Amerika uchun strategik sanaladi. Mintaqada bu yo'nalish uchun yiliga 500 million dollar sarflanmoqda.