Pokistonning eng yirik va port shahri Karachi ko’chalari qonga belangan. Mana bir necha kundirki, siyosiy-etnik nizolar keng ko’lamli zo’ravonlikka aylanib, 93 kishi o’lgan. O’nlab kishi jarohatlangan, 150 dan oshiq odam qamoqqa olingan.
Pokiston xavsizlik kuchlariga buyruqqa bo’ysunmagan, tartibni buzgan kishi otib o’ldirilsin deya ko’rsatma berilgan.
Vaziyatni qo’lga olish uchun kecha yana 1000 harbiy safarbar etilgan.
Qurollangan jinoiy guruhlar yoppasiga hujumlar qilmoqda. Payshanba kuni yo’lovchi avtobuslari nishonga olinib, 34 kishi o’ldirilgan.
Politsiya deydiki, nizolar ortida asosan Sind viloyati, ya’ni Karachi joylashgan mintaqadagi ikki guruh turibdi: Muttahida Qavmi Harakati va uning dushmani, Avomi Milliy Partiyasi.
Muttahida Qavmi Harakati urdu tilida gaplashadigan aholi nomidan gapiradi va yaqingacha Sind hokimiyatidagi koalitsiya a’zosi edi. Avomi Milliy Partiyasi - pashtunlar.
Pokistonda siyosiy partiyalar azaldan uyushgan jinoyatchilik tizimlari bilan hamkorlik qilib keladi. Bu bir gumon emas, deydi siyosiy tahlilchilar, haqiqat. Ular qurolli to’dalar bilan til biriktirgan va g’anim tomondan alamini zo’ravonlik qilib oladi.
Hozirda Pokistonni boshqarayotgan Xalq partiyasi ham Karachida mahkam joylashib olgan to’dalar bilan aloqa qilishi aytiladi.