Pokiston kelasi hafta Germaniyada Afg'onistonga doir xalqaro anjumanga bormasligini yana bir bor ta'kidladi. AQSh va Afg'oniston qarorni o'zgartirishga urinmoqda, ammo NATO havo hujumi oqibatida askarlaridan ayrilgan Pokiston so'zida qat'iy.
Pokiston Bosh vaziri Yusuf Rizo G'iloniy Bonndagi konferensiyani boykot qilmoqda. Afg'oniston prezidenti Hamid Karzayning unga qo'ng'irog'i ham yordam bermadi. G'arb rasmiy Islomobodsiz Afg'oniston barqaror bo'lmasligini yaxshi tushunadi.
AQSh va NATO kuchlari mamlakatni 2012-yilda tark eta boshlaydi, demak Afg'onistonda mojaroga aralashgan tomonlar boshini qo'shish uchun vaqt oz qolyapti.
Biroq ittifoqchi kuchlar o'qiga uchrab, 24 harbiysidan ayrilgan Pokiston qattiq hafa. Jamoatchilik AQSh bilan aloqalarni cheklashga chaqirmoqda. Bu davlatga Amerika tomonidan yiliga milliardlab dollar yordam puli berilayotganiga qaramay.
"Agar do'stlar o'zini shunday tutsa, dushmandan nimani kutishimiz kerak", - deydi pokistonliklardan biri.
"Agar hukumat biror chora ko'rmasa, qabilaviy hududlarda yashovchi odamlarning o'zi o'ch oladi, amerikaliklarni tinch qo'ymaydi", - deydi boshqasi.
Afg'on anjumanini boykot qilish bilan birga Pokiston u orqali Afg'onistonda NATO kuchlari uchun yuk eltuvchi yo'llarni to'sib qo'yib, AQShga Balujistondagi harbiy aerodromni ikki hafta ichida bo'shatishni buyurgan. Amerikaga qarashli pilotsiz samolyotlar shu aviabazadan Shimoliy va Janubiy Vaziriston mintaqalarida jangarilarni nishonga olib turadi. Ammo havo hujumlarida o'tmishda tinch aholining ham jabr ko'rgani pokistonliklar noroziligiga sabab holat.
Islomoboddagi Strategik izlanishlar instituti tadqiqotchisi Simbal Xonning aytishicha, AQSh va NATO hukumatni chorasiz ahvolga solib qo'ydi.
"Rasmiy Islomobod va jamoatchilik fikri AQSh va NATOning hukumatning bu qaroriga munosabati va javobiga qarab o'zgarib boradi", - deydi u.
Tahlilchi nazarida NATO Pokiston chegarasidagi amaliyotlarini aniq qoidalarga asoslanib olib borishga majbur.
"Kelakajda AQSh va xalqaro hamkorlar bilan birga ishlashni istaymiz, albatta, biroq buning uchun bu kabi fojianing takrorlanmasligi kafolatlanishi kerak", - deydi Simbal Xon.
Qo'shma Shtatlar NATOga qarashli samolyot Pokistondagi ikki bazani nega o'qqa tutganini tergov qilishga kirishgan. Natija dekabr oxirigacha ayon bo'lishi aytilmoqda.
AQSh Davlat kotibi Xillari Klinton va NATO so'zlovchisi Dominik Medli Bonndagi anjumangacha Pokiston fikridan qaytadi degan umidda.
"Konferensiya Germaniyada o'tgani bilan, mezbon - Afg'oniston. 5-dekabrgacha hali vaqt bor", - deydi NATO rasmiysi.
Qo'shma Shtatlar va G'arb nazarida Pokiston gapini Tolibonga o'tkaza oladi, bu esa jangarilarni Kobuldagi hukumat bilan murosa qilishga ko'ndirish deganidir. Shu paytgacha toliblar bilan muloqot samara bermadi. Jangarilar avval ajnabiy kuchlar mamlakatdan chiqsin desa, NATO toliblar qurolini tashlamasa, ular bilan murosa haqida gap bo'lishi mumkin emas, deydi.
AQShning ba'zi rasmiylariga ko'ra, Pokiston jangarilardan o'z manfaatlari yo'lida ham foydalanmoqda, ularni nazorat qiladi, ayrim xurujlar Pokiston razvedkasi rahnamoligida uyushtirilgan. Rasmiy Islomobod qabilaviy hududlarda toliblarga qarshi jang qilib, askar yo'qotdik, deya bu va o'ziga nisbatan boshqa tanqidlarni ko'tarmayapti.
Masalan, Britaniyaning BBC axborot agentligi "Maxfiy Pokiston" deb nomlangan hujjatli filmi uchun bu davlat tomonidan jazolanishi mumkin.
Ikki qismdan iborat film bir necha hafta burun namoyish etilgan edi. Unda Pokiston harbiylari Tolibon va al-Qoida bilan til biriktirgan, o'tmishda hamkorlik qilgan degan da'volar yangraydi.
Shundan so'ng Pokistonda kabel telestansiyalarini birlashtirgan uyushma seshanbadan beri BBC kanalini o'chirib qo'ygan.
Uyushma vakili Xolid Arianning aytishicha, bundan keyin Pokistonga qarshi ig'vo qilgan har bir xorijiy telekompaniyaga nisbatan shunday chora ko'riladi.
BBC Korporatsiyasi bayonot chiqarib, Pokiston kabel televideniyesi uyushmasi harakatini qoralagan.
"Teletomoshabinlarimiz xolis xalqaro axborot manbasidan ayrildi" deyiladi hujjatda.
Ayni damda Pokiston hukumati hujjatli filmni sinchkovlik bilan o'rganmoqda. Pokistonning matbuot haqidagi qonunlarini buzganlik hollari aniqlangan taqdirda BBC ni hukumat ham jazolashi mumkin.
Pokiston Elektron ommaviy axborot vositalarini nazorat etuvchi idora vakili Abdul Jabborning aytishicha, kabel uyushmasi mustaqil bo'lib, hukumat unga bunday qilishni buyurmagan.
"Uyushma qarori jamoatchilikning BBC ga nisbatan salbiy munosabatidan darakdir", - deydi rasmiy.