Huquq faoli O'ktam Pardayevning ozod etilishi "marhamat emas"

O'ktam Pardayev fermerlar manfaati uchun kurashgan faollardan

O'zbekistonda ikki oy oldin hibsga olingan huquq himoyachisi O'ktam Pardayev amnistiyaga tushib, ozod qilindi. Lekin uch yilgacha inson huquqlari faoliyati bilan shug'ullanmaslik sharti qo'yilgan. Faollar deydiki, firibgarlik, haqorat qilish aybi bilan sudlangan Pardayevning ozodlikka chiqqani mamlakatda tazyiqlar pasayishidan darak bermaydi.

Firibgarlik va haqoratda ayblangan Pardayev 11-yanvar kuni mahkama paytida ozod etilgan. Ayblovlar va ozodlikka chiqishi yuzasidan uning o’zi hozircha munosabat bildirmagan, ammo safdoshlari nazarida faollarning ovozini o’chirish uchun “soxta ishlar” va tuhmat mamlakatda oddiy hol.

Jizzaxdan huquq himoyachisi Ziyodilla Razzoqov biror aybi bo’lmagan Pardayevni ikki oydan oshiq hibsda ushlab, keyin keskin shart bilan qo’yib yuborish O’zbekistonda erkinlik bilan bog’liq vaziyat inqirozda ekanini ifodalaydi.

“Bu kutilgan harakat... Chunki oxirgi paytda ko’chadagi harakatlarimiz doimiy kuzatuvda. Ularning talabi, huquq himoyachilari faoliyatini butunlay to’xtatish. Lekin uning qo’lida huquq himoyachisi ekanligi haqida guvohnoma, ro’yxatdan o’tgani haqida qog’oz bor. Inson huquqlari bilan shugu’llanish taqiqlangan ekan, unda nafaqat bizga o’xshagan tashkilotlar balki O’zbekiston Omubsmanini ham yo’q qilsin, uning nima keragi bor? U ham bizga o’xshagan inson huquqlarini himoya qiladigan tashkilot-ku?”, deydi Razzoqov.

Mustaqil inson huquqlari tashkilotining Jizzax viloyati bo’yicha raisi O’ktam Pardayevga nisbatan tazyiqlar uning majburiy mehnat, paxta terimi yuzasidan o’tkazgan kuzatuv ishlaridaan so’ng kuchaygan.

Pardayev jizzaxlik bir ayolning Ichki ishlar boshqarmasiga qilgan shikoyati asosida hibsga olingan. Pardayev bu ayoldan pul undirganlikda, shuningdek, uni haqorat qilganlikda ayblangan. Huquq himoyachisi bu ayblovlarni inkor etgan.

Faollar deydiki, Pardayevga nisbatan “o’ta qo’pol ayblov uyushtirildi”, uning ozodlikka chiqarilishi marhamat emas.

“Faqat Pardayev emas, barcha huquq himoyachilari faoliyatiga to’siq qo’yib bo’lindi. Hozir monitoring o’tkazishga urunishni ham cheklashmoqchi. Huquq himoyachilari biror shikoyatga javob bermaslik darajasiga keltirildi. Pardayev misolida aytadigan bo’lsak, jarayonga ko’zingni yum, bo’layotgan ishlarga e’tibor berma degan ma’noda, uni qancha ushlab, oxiri amnistiya bilan ozod qilishdi. Ularning maqsadi ayon – O’zbekistonda birorta huquq tashkilotini qoldirmaslik”, deydi Ziyodilla Razzoqov.

Jizzax viloyatida militsiya va hokimyat zo’rovonligidan matbuotga arz qilgan fermerlar ustidan bosim kuchaygan. Fermer Alijon Kamolov “Ozodlik” radiosiga bergan intervyusidan so’ng ichki ishlar xodimlari va soliqchilar tomonidan kaltaklab ketilgan.

Paxtakor tumanida fermerlik bilan shu’gullanib kelgan bir necha kishi ustidan diniy ekstremizm, o’g’rilik va talonchilik ayblovi bilan sud ishi davom etmoqda.

Jihodchilikka aloqadorlikda ayblanayotganlardan biri, fermer xo’jaligi rahbari – nasroniy, arman elatiga mansub Aramais Avakyan. Bu jinoiy ishning ildizi ham fermer xo’jaligi va mahalliy hokimyat o’rtasidagi ziddiyat haqida mustaqil matbuotga chiqqanlikda deb ko’riladi.