Dunyo davlatlari ilk bor global harorat ko'tarilishiga sabab bo'layotgan gazlarni kamaytirishga kelishib oldi. Fransiya poytaxti Parijda ikki hafta davom etgan muzokaralar samarasi bu.
Anjumanda ishtirok etgan qariyb 200 davlatning har biri atmosfera tozaligini ta'minlash bo'yicha muayyan choralar ko'rishga va'da bermoqda.
Bitim tarafdorlari, tabiatparvar faollar va olimlar sayyora va insoniyat kelajagi haqida gap ketmoqda, deya hukumatlarni bir yoqadan bosh chiqarishga undab kelayotgan edi.
Yakuniy hujjatni Qo'shma Shtatlar qatorida Yevropa Ittifoqi, Kanada, Avstraliya, Braziliya, Germaniya, Yaponiya va yana yuzlab davlatlar qo'llab-quvvatladi.
Bitimda o'rtacha harorat selsiy shkalasi bo'yicha 2 darajadan oshmasligini ta'minlash, neft va gazdan sekin-asta toza energiya manbalariga o'tish majburiyati bitilgan. Xususan, AQSh 2030-yilgacha zararli gazlar miqdorini 26-28 foizgacha kamaytirishni maqsad qilgan.
Moliya - eng chigal masalalardan. 2009-yilgi Kopengagen sammitida rivojlangan davlatlar ekologik dasturlarni joriy etish uchun har yili kambag'al o'lkalarga 100 milliard dollar ajratishga kelishib olgan edi. Olti yil oldingi sammit natijasiz tugagan.
Bugungi kelishuv matnida ham 100 milliard dollarlik yordam tilga olinadi, ammo bajarilishi majburiy bo'lgan bandlar qatorida emas.
Markaziy Osiyodagi ekologik muammolar haqida Jahon Banki eksperti Kulsum Ahmad bilan suhbat:
Your browser doesn’t support HTML5