Parkinson kasalligi dunyo bo’ylab keng tarqalib borayotgan xastaliklardan biri. Insonda markaziy nerv sistemasi faoliyati buziladi.
Masalan dunyoga mashhur boks ustasi Muhammad Ali 1984-yildan beri undan azob chekib keladi.
Gollivud yulduzi Maykl Foks ham bu kasallikka uchragan. Yaqinda aktyor tibbiy tadqiqotlar uchun 40 million dollar hadya qildi.
Parkinsonizm - xronik kasallik. Bosh miya zararlanganda vujudga keladi.
Muskullar taranglashadi; yuz, qo’l-oyoq harakatsiz bo’lib, odam titray boshlaydi. Xastalik alomatlarini darrov sezmaysiz, deydi shifokorlar.
Tashxis qo’yish - murakkab jarayon.
“1817 yildan beri bu xastalikni odamning jismoniy harakatiga qarab belgilar edik. Lekin bugun bizga ko’rinmas jihatlari, alomatlari borligini ham aniqlaganmiz”,- deydi doktor Fernando Peygan.
U va boshqa olimlar davo usullari ustida izlanar ekan, diqqatni ekologik va genetik faktorlarga qaratmoqda.
Parkinson kasalligiga uchragan insonlarga xos genlar, bio-belgilarni o’rganib chiqmoqda.
“Masalan Parkinson bemorlarida eng ko’p uchraydigan gen bu LRKK2 (larke 2) bo’lib, u juda muhim rol o’ynashini bilamiz. Lekin uni endi sinchiklab ko’rib chiqayapmiz. Jumboqni mana shu gen yechishi mumkin”,- deydi Peygan.
Janob Peyganning aytishicha, bemorlarning 40 foizi shimoliy Afrikada va umuman arab dunyosida. 14 foizga yaqini ashxenazi yahudiylari ekani aniq.
LRKK2 geni xususiyatlarini tushunish Parkinson kasalligiga tashxis qo’yishni osonlashtiradi, deydi olimlar. Lekin ayrimlar nazarida bu bilan shifo ham topiladi deyish noto’g’ri.
Hozirda doktorlar kuchayib borayotgan alomatlarni
nazorat qila oladi xolos. Bemor dori oladi, lekin butunlay tuzalib ketmaydi.
Fernando Peygan amaliy sinovlar avjida deydi. Davo usullari mukammallashmoqda.
“Hozirgacha o’tkazgan uch sinov ijobiy natija berdi. Bugun muolaja turlari ko’paygan. Parkinson alomatlarini pasaytirish, sekinlashtirish mumkinligini isbotladik. Albatta simptomlarni vaqtida aniqlash har tomonlama foyda beradi. Tibbiy metodlar kun sayin yangilanib bormoqda desak xato qilmayman”,- deydi doktor.
Parkinson kasalligi inson nerv sistemasi bilan bog’liq ikkinchi eng xavfli xastalik. Birinchisi Altsgeymer – aqliy qobiliyat va xotiradan ayiruvchi dard. Bugun dunyoda 100 millionga yaqin odam Parkinson, titroq kasali bilan olishmoqda.