Qo’shma Shtatlar Iroq va Afg’onistondagi urushlarni tugatib, harbiy byudjetni qisqartirmoqda. Kelasi yillar ichida askarlar soni bir necha mingga kamayadi. Harbiy yetakchilar bu o’zgarishlardan norozi.
Byudjetining katta bir bo’lagidan ayrilayotgan Pentagon 2018-yil oxirigacha 40 ming askarni safdan bo’shatadi.
General Rendi Jorj jurnalistlarga bu haqda ma’lumot berdi. AQSh armiyasi kichraymoqda.
“Aksarlar soni jami 120 mingga kamayadi, ya’ni 2012-yildan buyon 21 foizga”, - deydi u.
Harbiylarning aytishicha, kelasi to’rt yilda yetti milliard dollar tejash uchun zobitlar soni 490 mingdan 450 mingga tushishi darkor.
Natijada jami 18 shtatda joylashgan 26 harbiy bazada ish o’rinlari qisqaradi. Janubiy Koreya, Germaniya va Italiyadagi bazalarda ham shu ahvol.
Pentagon so’zlovchisi polkovnik Stiv Vorrenga ko’ra, bu o’zgarishlar yangilik emas.
“Birinchi va Ikkinchi jahon urushi, umuman har bir urushdan keyin askarlar kamaytiriladi”, - deydi u.
Aytish joiz, Amerikada sekvestr nomini olgan moliyaviy qisqartirishlar 2013-yilda kuchga kirgan edi.
“Mazkur qonunning harbiy xarajatlarga oid bandlari o’zgartirilmasa yoki bekor qilinmasa, 2019-yilda qo’shimcha 30 ming zobitni safdan bo’shatishga to’g’ri keladi. Oqibatda qurolli kuchlar vatanda va xorijda ularga yuklangan topshiriqlarni bajara olmaydi”, - deydi general Rendi Jorj.
Ikki yil oldingi qonunga ko’ra, 10 yil ichida bir trillion dollarga teng harbiy dasturlar qisqartilishi kerak.