AQSh Mudofaa vazirligi rasmiysining aytishicha, Kubaning Guantanamo qamog’ida saqlanayotgan mahbuslar AQShga olib kelinishi mumkin. Ularni Shimoliy Karolina va Kanzas shtatlaridagi ikkita harbiy garnizonda saqlash imkoniyatlari o’rganilmoqda. Ammo mahbuslarni Kubadan AQShga ko’chirish uchun nafaqat joy, balki Kongress xohishi ham bo’lishi kerak.
Your browser doesn’t support HTML5
Prezident Barak Obama Guantanamoni yopishga va’da bergandan beri oradan yillar o’tib, qamoqxonada hanuz 116 mahbus saqlanmoqda. Rasmiylar ularning “Terrorga qarshi urush” davrida qo’lga olingan asirlar ekanini aytadi.
Pentagonning qamoqxonani yopish rejasi qonunchilar ta’tildan qaytgandan so’ng Kongressga havola etilishi kutilmoqda.
Davlat departamenti ham Guantanamoni yopish ahdida qat’iy.
“Prezident birinchi kundanoq aniq aytgan, ya’ni u Guantanomani yopishni xohlaydi. U buni milliy xavfsizlikka alqoador va hukumat uchun eng katta vazifalardan biri deb hisoblaydi”, - deydi departament so’zlovchisi Mark Toner.
Ayrim mahbuslar boshqa davlatlarga ham ko’chirilishi mumkin. Ammo huquqiy tahlilchilar qolgan asirlarni AQSh hududida saqlash katta muammo ekanini aytmoqda.
“Kongress ularni Guantanamodan AQShga ko’chirishning har qanday imkoniyatiga qarshi chiqqan”, - deydi Jorj Vashington universiteti professori Geri Solis.
Hozirgi qonunga ko’ra, mahbuslarni AQShga ko’chirib o’tkazish mumkin emas. Ammo ozod qilish uchun xavfli va boshqa davlatlarga ko’chirib o’tkazishga noloyiq bo’lgan o’nlab mahbuslarni ittifoqdosh boshqa bir o’lkaga jo’natish ehtimoli ham juda past.
“Bizning boshog’rig’imizni kim o’z zimmasiga olishni xohlaydi? Birortasi bunga rozi bo’lishiga ko’zim yetmaydi”, - deydi Solis.
Pentagonning AQSh hududidagi harbiy qamoqxonalarni o’rganayotgani uning Kongressni qonunni o’zgartirishga undamoqchi ekanidan dalolat beradi. Ungacha esa Guantanamo qamog’i faoliyat yuritishda davom etadi.