Tramp farmoni sabab Fors mahallasida qo'rqinch hukmron

  • Amerika Ovozi

Los-Anjelesdagi fors mahallasi

Prezident Donald Tramp fuqarolari AQShga kiritilmasin deya buyurgan olti davlatdan biri Erondir. Bu farmon 16-martdan kuchga kirishi kerak edi, ammo sudlar uni to’sdi. Los-Anjeles - eng ko’p eronlik muhojir yashaydigan shahar. Fors maydoni degan mahalla bor. Tuman desa ham bo’ladi.

Los-Anjelesning bu qismi eronliklar bilan tanilgan. Fors maydoni deb bejiz nomlanmagan. Navro’z - yangi yil, bordi-keldi ko’p. Vatanga borishadi, u yerdan kelishadi. Lekin bu yili bayramona kayfiyatni sezmaysiz. Ko’ngil xira, deydi muhojirlar.

“Aviabilet olayotganida ko’pchilik uni qaytarishim mumkin deb o’ylamaydi. Safarga otlanadi, bu tabiiy. Vaziyat mavhum; odamlar borgisi keladi, lekin borishga qo’rqib, qo’lidagi biletni qaytarsa puliyam kuyadi”, - deydi tadbirkor Farhod Bashoratiy.

Amerika fuqarosi bo’lgan eronliklar ham Eronga borsam qayta olmayman deya xavotirda, Tramp farmoni sabab.

“Navro’z keldimi, demak, yangi yil tantanasi. Erondan qarindoshlar keladi. Odatda ota-onalar, buvi va bobolar. 40 yil oldingi inqilobdan keyin juda ko’p odam vatanni tark etdi. Yaqinlar keksayib qoldi. Bir-birimiz bilan diydorlashaylik, deyishadi. Kelay desa endi taqiq qo’yilgan”, - deydi jurnalist Rizo Gavharzod.

Eron Islomiy Respublikasi, AQSh nazarida, azaldan terrorizm homiysi. Prezident Tramp bu davlat fuqarolarini man etgani olqishlanmoqda.

“Bizning mamlakatimizga har yerdan kelib, hammayoqni egallab olishdi. Yevropadan deysizmi yoki mana Suriya va Erondan. Bizning talabimiz bu odamlar obdon tekshirilsin, izchil o’rganilsin”, - deydi Tramp tarafdori Morin Martin.

Eronlik muhojirlar va ularning bu yerda katta bo’lgan farzandlari fikricha bu adolatsizlik.

“Amerikada biror marta biror eronlik terror xuruji qilmagan. Agar sizga Eron hukumati yoqmasa, uni javobgarlikka tuting. Nega uning ishiga javobgar bo’lmagan xalqdan alamingizni olasiz? Bizning xalqimiz diktatura ostida hayot kechiradi. Doimiy bosimda. Odamlarda ayb yo’q”, - deydi jurnalist Rizo Gavharzod.

Your browser doesn’t support HTML5

Tramp farmoni sabab Fors mahallasida qo'rqinch

Tramp qo’ygan taqiqdan azob chekayotganlar orasida talabalar ko’p.

“Los-Anjeles eronliklarga to’la. Ular orasida yahudiylar ham bor, bahaylar ham bor. Tramp musulmonlarni nishonga olaman deb hammani jazolayapti. Chunki uning farmoni musulmon bo’lmaganlarga ham zarba”, - deydi Janubiy Kaliforniya universitetidan Varun Soni.

“Tibbiyot sohasida o’qiyotgan eronlik talabalarning ko’pi vatanidan endi Amerikaga qayta olmayapti. Ularning tadqiqotlari, amaliyotlari, o’qishi to’xtab qolgan. Naqadar adolatsizlik. Yuragingiz eziladi”.

Sabr qilish kerak, boshqa chora yo’q, deydi Farhod Bashoratiy.

“Bir necha oy o’tsin, ko’ramiz. Qarori asosli bo’lgani yoki bo’lmagani isbotlanishi uchun fursat kerak”.

She’riyatni sevadigan xalq esa buyuk shoiri Hofizni mutolaa qilmoqda.

“Hofiz bitganidek, hech narsa doimiy emas. O’zgarish tinimsiz. Har kun boshqacha. Bu kun ham o’tar”.

Navro’z ham o’tadi ketadi, deydi Gavharzod.