Politsiya AQShdagi talaba namoyishlarini bostirmoqda

  • Amerika Ovozi

Nyu-York politsiyasi tunda Kolumbiya universiteti hovlisida o’rnatilgan chodirli lagerni yig’ishtirib, namoyish qilayotgan talabalarni tarqatishga muvaffaq bo’ldi, 109 talaba hibsga olingan, ularga ayblov qo’yilishi mumkin.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 2-may, 2024-yil - Blinken diplomatiyasi-Politsiya-talaba tortishuvi-Ukrain urushi talafotlari

Qo’shni Siti Kollejida esa namoyish qilgan talabalarning 173 nafari hibsga olindi.

“Shunchaki namoyish qilayotgan talabalarni qo’lga olishyapti. Ular o’zlari ishongan narsa uchun jon kuydirishyapti. Achinarli”, - deydi bir talaba.

Shahar meri Erik Adams namoyishlar ortiq tinch bo’lmaganini aytadi.

“Binolarga kirish yo’llarini to’sish, universitet mulkiga zarar yetkazish, xavfsizlik kameralarini yechish kabilarni tinch namoyish deb bo’lmaydi. Qonuniy namoyishning biror maqsadga javob bermaydigan zo’ravon tomoshaga aylanishiga yo’l qo’ymaymiz”, - dedi u.

Biroq guvohlar politsiyaning harakatlari qo’pol bo’lganini aytadi. Bir talaba reyd paytida hushidan ketgan.

Yahudiy talabalar politsiya aralashuvini olqishlamoqda.

“Yahudiy talabalar uchun dushmanona muhit yaratildi. Menga nisbatan jismoniy tahqirlash bo’lmadi, ammo yahudiy do’stlarimning ba’zilariga tupurishgan, ular qochishga majbur bo’ldi, ba’zilari boshqa universitetga o’tib ketmoqchi”, - deydi Kolumbiya universitetining Ben Solomon ismli talabasi.

Universitet prezidenti Munush Shafik politsiyadan barcha imtihonlar va bitiruv marosimi o’tib bo’lgunga qadar tartibni nazorat qilishni so’ragan, ya’ni 17-maygacha.

Respublikachilar partiyasidan prezidentlikka nomzod Donald Tramp namoyishchi talabalarni “zo’ravon telbalar va XAMAS tarafdorlari” deb atadi, politsiya harakatlarini olqishladi.

Tramp Viskonsinda saylovchilari bilan uchrashuv paytida Nyu-York qamalda ekanini aytdi.

Respublikachi qonunchilar ayrim universitetlar rahbarlarini antisemitik shiorlar va bezoriliklarga ko’z yumayotganlikda aybladi.

"G’azo kabi XAMAS nazoratidagi terrorchi markazlardan minglab qochqinlarni Amerikaga umuman olib kelmaslik kerak. AQShda jihodning keragi yo’q bizga”, - dedi Tramp.

Ayrim xabarlarga ko’ra, Oq uy g’azolik qochqinlarning ba’zilarini Amerikaga ko’chirish rejasiga ijobiy qaramoqda.

Tramp borgan Viskonsin shtatida Viskonsin-Medison universitetining Falastinga xayrixoh talabalari namoyish qildi.

Namoyishlar Yevropada ham avj olmoqda. Angliyaning Nyukasl universitetida Falastinga xayrixoh chiqishlar va chodirli lagerlarni kuzatish mumkin.

O’tgan hafta Parij politsiyasi Sorbon universitetini namoyishchilardan tozaladi. Parij siyosiy tadqiqotlar institutida esa namoyish uch kun davom etdi.