Isroilga safar qilgan AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo bu mamlakat Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu bilan birga Quddus shahrining G'arbiy devorini ko'zdan kechirdi. Shu kungacha AQShning birorta yuqori lavozimli rasmiysi Falastin noroziligiga uchramaslik uchun Isroil rahbari hamrohligida u yerga bormagan edi.
Tramp ma'muriyati bu bilan AQSh Quddusning Isroil nazoratida ekanini tan olishini bildirmoqda.
G'arbiy devor Quddusning sharqiy qismida joylashgan eski shaharning musulmonlar yashovchi mahallasi ostida joylashgan. Quddus 1948-49-yillardagi arab-Isroil urushidan so'ng ikkiga bo'linib, sharqiy qismi Iordaniyaga, g'arbiy qismi esa Isroilga o'tgan. Biroq arab davlatlarining Isroil bilan 1967-yilda kechgan Olti kunlik urushi natijasida Isroil shaharning sharqiy qismini tortib olgan.
Falastinliklar Sharqiy Quddusni bo'lajak davlatining poytaxti sifatida ko'radi, biroq Isroil shaharning bo'linishiga qarshi.
Haram al-Sharif tepaligi iudaizm dinida muqaddas ziyoratgohlardan bo'lib, u yerda bir vaqtlar Injilda ko'rsatilgan ibodatxonalar joylashgan. Musulmonlar uchun muqaddas al-Aqsa masjidi ham shu yerda.
Pompeoning Sharqiy Quddusga borishi falastinliklar va isroilliklar o'rtasidagi ziddiyatlarni jonlantirishi mumkin. Tramp ma'muriyatining Isroilga xayrixoh siyosati tufayli Falastin hukumati AQSh bilan aloqalarni muzlatib qo'ygan.
Tramp prezidentligining boshida AQSh elchixonasini Tel-Avivdan Quddusga ko'chirib va shaharni Isroil poytaxti sifatida tan olib, AQShning ko'p yillik siyosatidan voz kechdi.
Falastin Prezidenti Mahmud Abbos so'zlovchisi Nabil Abu Rudayna Pompeo Falastin rasmiylari bilan uchrashishni rejalamay, Isroilga borganini tanqid qildi.
"Mojaroni hal qilyapmiz deb da'vo qilishyaptiyu, biroq ularning hozirgi harakatlari bu ishni yanada chigallashtirmoqda", - dedi u.
Pompeoning aytishicha, Isroil va Falastin ahli yonma-yon yashaydi.
"Ularga buni o'rgatishimiz kerak. Oq uy ma'muriyati Falastin xalqining ezgu niyatlariga tilakdosh", - dedi u.
Prezident Tramp Netanyaxu bilan kelasi hafta Vashingtonda uchrashadi. 9-aprel kuni esa Isroilda saylovlar bo'lib o'tadi. Korrupsiya bilan bog’liq tergov, qalloblik bilan bog’liq ayblovlar sabab Netanyaxuning qayta saylanishi savol ostida.