Breaking News

Isroilni boykot qilayotgan kompaniyalarga boykot?


AQSh Senati Isroilga qarshi boykot e’lon qilgan kompaniyalarni jazolashni o’z ichiga olgan qonun loyihasini ko’rib chiqmoqda. “Yaqin Sharqda AQSh xavfsizligini mustahkamlash” deb nomlangan keng qamrovli loyihaga boykot to’g’risidagi band kiritilgani munozaralarga sabab bo’lyapti.

Hujjatda, jumladan, Suriya hukumatiga qarshi yangi sanksiyalar qo’yish, Iordaniya bilan harbiy hamkorlikni davom ettirish va Isroilga harbiy ko’mak uzatish haqida gap boradi. Shtat va shaharlarga Isroilga boykot e’lon qilgan kompaniyalar bilan biznes qilmaslikka ruxsat beruvchi band ham bor. Bu, ayrim demokrat qonunchilar nazarida, so’z erkinligini toptashdir.

Isroilga bosimni oshirish va mahsulotlarini boykot qilish kampaniyasi 2005-yildan beri global miqyosda olib borilmoqda. Maqsad yahudiy davlatining Falastinga nisbatan siyosatini o’zgartirish, uni bosim orqali xalqaro majburiyatlarini bajarishga majburlash. Amerikaning 26 shtati bu harakatni qoralab qonunlar qabul qilgan.

“Bu harakatga qarshi bo’lsam-da, har bir amerikalikning siyosiy faoliyat olib borish huquqini himoya qilishimiz kerak. Muhokamadagi qonun loyihasi so’z erkinligiga zid ekani menga oydek ravshan”, - deydi prezidentlikka sobiq nomzod, demokrat senator Berni Sanders.

​Boykotga doir band muallifi, respublikachi senator Marko Rubioga ko’ra, maqsad Isroilni boykot qilayotganlarni boykot qilish.

Demokrat senator Kris Van Xollen ushbu bandni “noqulay siyosiy bayonotlarga qarshi davlat tomonidan qo’llab-quvvatlangan diskriminatsiya” deb ataydi.

“Respublikachilar bu masalada ular bilan hamfikr bo’lmagan AQSh fuqarolarini jazolash uchun davlat kuchidan foydalanishga harakat qilmoqda”, - deydi u.

“Hech kimning ovozini o’chirishga harakat qilmayapmiz. Fikringizni erkin bildirishga haqlisiz, lekin boshqalar sizga javob berishga ham haqli. Biror davlatni boykot qilishga huquqingiz bor, ammo boshqalar sizni boykot qilishga ham haqli”, - deya javob beradi senator Rubio.

Qonun loyihasi ko’plab demokratlarni noqulay ahvolga qo’ymoqda, chunki boykot haqidagi band loyihaning kichik bir qismi xolos. Isroilga harbiy yordamni davom ettirish kabi boshqa punktlarni deyarli barcha qonunchilar qo’llab-quvvatlaydi.

Bu esa respublikachilarga muxolifatni tanqid qilish uchun imkon yaratdi.

“Qarshi ovoz bersangiz, Isroilni quvvatlamagan bo’lasiz”, - deydi senator Ron Jonson.

“Kongressda Isroildan nafratlanuvchi odamlar bor, ochig’ini aytish kerak”, - deya qo'shadi senator Jon Kennedi.

Senator Marko Rubio
Senator Marko Rubio

Yangi yildan Vakillar palatasida ko’pchilikka aylangan demokratlar deydiki, Trampning partiyasi deyarli hammaga ma’qul bo’lgan oddiy qonun loyihasini siyosiy qurol qilib ishlatmoqda.

“Isroil hukumatining ayrim qarorlariga qo’shila olmayman, lekin bu Isroilga qarshi boykotni yoqlayman degani emas. Boshqa tarafdan, har bir amerikalikning o’z fikr-qarashlarini tinch yo’l bilan izhor etishi huquqini himoya qilaman”, - deydi senator Van Xollen.

Isroil AQSh tashqi siyosatida azaldan muhim ahamiyat kasb etadi. Obama prezidenligi davrida ikki davlat xalqaro masalalarda bir necha bor to’qnashgan, ammo Donald Tramp Oq uyga kelishi bilan yahudiy davlatiga yon bosish yanada kuchaydi.

Kongressda respublikachilar qatorida aksar demokratlar ham Isroilga sodiq, lekin yangi saylangan a’zolardan kamida ikkitasi yahudiy davlatiga qarshi boykotni ochiqchasiga qo’llab-quvvatlaydi. Ommaviy so’rovlarga qaraganda, AQShda 65 yoshdan kattalarning 56 foizi Isroilga ijobiy nazar bilan qaraydi, 30 yoshgacha bo’lgan fuqarolar orasida esa bu raqam atigi 32 foizni tashkil etadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG