Axborot to'plash va tarqatish uslublari o'zgarib bormoqda

  • Amerika Ovozi

Ommabop sahifalar, uyali telefonlar orqali informatsiya uzatish jurnalistlar uchun o'ziga xos imkoniyat va mushkulotlar yaratmoqda.

Bu hafta umumjahon matbuot erkinligi kunini nishonlanadi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti bu yili diqqatni internet va uning naqadar kuchli axborot vositasiga aylanib borayotganiga qaratmoqda.

Global tarmoqdagi ommabop sahifalar, uyali telefonlar orqali axborot va tasvirlar uzatish imkoniyati dunyo bo’ylab axborot yig’ish va tarqatish uslublarini tubdan o’zgartirib yuborgan.

Yil boshida arab dunyosini namoyishlar qamrab olganidan beri dunyo hamjamiyati u yerda bo’layotgan voqealarning katta qismini havaskor video tasvirlar va suratlardan o’rganmoqda. Oddiy odamlar qo’l telefonlari yordamida bo’layotgan jarayonlarni yozib olib, internet orqali butun dunyoga tarqatmoqda.

Internet tobora kuchli axborot manbaiga aylanib bormoqda

Vashingtondagi Jorjtaun Universiteti tahlilchisi Odil Iskandarning aytishicha, oddiy fuqarolar olgan video tasvirlar va suratlar hamda ijtimoiy axborot vositalari namoyishlarni uyushtirishga hamda ularni dunyoga ko’rsatishda yordam berdi.

"Ular o’ziga yarasha jurnalist bo’ldi. Ayniqsa muxbirlar yo’q Suriyada. Dunyo u yerdagi voqealarni aynan shu vositalar, shu odamlar orqali o’rganmoqda",- deydi u.

Ommaviy namoyishlar natijasida Misr va Tunisda hukumatlar almashdi. Boshqa mamlakatlarda esa avtokratik tuzumlarga qarshi chiqishlar davom etmoqda.

Inson huquqlari bilan shug’ullanuvchi Freedom House tashkiloti vakili Kortni Redshning aytishicha, arab dunyosida uyali aloqa xizmati rivojlanib, faollar qo’lida kuchli qurolga aylandi.

"Namoyishlar yoki politsiya zo’ravonliklarini uyali telefonda suratga olib yoki videoga tushirib, internetga qo’yish osonlashdi. Buning uchun kompyuter ham kerak bo’lmay qoldi", - deydi tashkilot vakili.

Odil Iskandarning aytishicha, Suriyadan kelayotgan video tasvirlar va suratlarni ko’plab internet sahifalarida topsa bo’ladi. Ulardan biri Facebook.

"Al-Jazira, al-Arabiya va boshqa teletarmoqlar Suriyada oddiy fuqarolar olayotgan axborotga tayanmoqda. Bahrayn, Misr va boshqa joylarda ham shu ahvol kuzatildi",- deydi u.

Axborot to'plash va tarqatish uslublari o'zgarib bormoqda

Jurnalist rolini bajarayotgan fuqarolar hissasi katta, deydi Kortni Redsh, ammo bu bilan an’anaviy jurnalistika yo’qolmaydi.

"Kundalik siyosiy yoki iqtisodiy voqealarni yoritishga kelganda tasodifiy, ko’chadagi odamlar bergan axborotga tayanib bo’lmaydi. Xalq jurnalistlari an’anaviy jurnalistika qo’li yetmagan yoki yoritishga ojiz joylarda as qotadi", - deydi Freedom House vakili.

Ijtimoiy axborot vositalari kuchiga qaramay, uning o’ziga yarasha chegarasi bor. Masalan, Misrdagi chiqishlar paytida hukumat internetni o’chirib qo’ydi. Tunisda esa namoyish tashkilotchilarining Facebook dagi sahifalariga xakerlar hujum qildi.

Biroq, deydi tahlilchilar, hukumatlarga bu cheklovlar yordam bermadi. Ko’cha namoyishlari avjiga chiqdi. Bundan tashqari internet o’chiqligi natijasida Misr hukumati kam savdo qilib, 90 milliard dollar zarar ko’rdi.

"Inson irodasini bukib bo’lmaydi. Biror narsaga ahd qilibdiki, uni hech kim to’xtata olmaydi", deydi Odil Iskandar.