1994-yilning noyabr oyida AQSh va Qozog’iston birgalikda maxfiy bir loyihani amalga oshirgan. “Yoqut operatsiyasi” deb atalmish ishda qariyb 600 kilogram o’ta boyitilgan uran Ust-Kamenogorsk shahridan Amerikaga ko’chiriladi.
Your browser doesn’t support HTML5
Operatsiya 1991-yilda asos solingan Nann-Lugar dasturining bir qismi edi. Respublikachi senator Richard Lugar va demokrat senator Sem Nann boshlagan tashabbus AQSh Mudofaa vazirligi tomonidan moliyalanib, shu kungacha Qozog’iston, Ukraina va Belarusda minglab yadroviy qurollar va materiallar yo'q qilindi. Chiqindilar Rossiyadagi maxsus inshootlarga olib boriladi.
Nann-Lugar dasturi asosida 1991-yildan beri 7600 jangovar kallak va 900 qit’alararo ballistik raketa yo’q qilingan.
“Yoqut operatsiyasi” va boshqa amaliyotlarni olib borgan hamda uni o’rgangan jurnalist va tadqiqotchilar xulosasi shuki, Nann-Lugar loyihasi Amerikaning Yevropani Ikkinchi jahon urushidan so'ng tiklagan Marshall rejasidan keyingi eng muvaffaqiyatli ko'mak programmasidir.
Dunyo yadroviy xavfsizligini ta’minlash insoniyat oldidagi eng zarur vazifalardan biri ekanini hisobga olsak, deydi ular, ko’p sohalarda kelisha olmaydigan davlatlarning bunday nozik ishlarni hamjihatlikda bajara olgani ulkan yutuq.
Qozog'iston 1991-yilda mustaqillikka erishganida atom aslahalari bo'yicha to'rtinchi o'rinda edi. Respublika ulardan butkul voz kechgan.
Mamlakatning Vashingtondagi elchisi Kayrat Umarov deydiki, uning davlati nafaqat Markaziy Osiyo, balki butun jahon atom qurollaridan xoli bo’lishini istaydi va bu yo’lda faol harakat qilishda davom etadi.
Hozirda iste’foga chiqqan senator Lugar fikricha, agar Qozog’iston va uning qatorida Ukraina va Belarus o’z hududidagi atom material va inshootlaridan qutulishni xohlamaganida, bugun vaziyat tamoman boshqacha bo’lishi mumkin edi.
Yangi mustaqil davlatlar o’z kelajagini yadroviy qurollarda ko’rmadi. Ularni rad etdi va bu borada xalqaro hamjamiyat bilan hamkorlik qildi. Bu respublikalardagi bugungi ahvol bizga qanchalik yoqadi yoki yoqmaydi, deydi arbob, rahbarlarning bundan 24 yil oldin qilgan strategik qarorlarini olqishlamay bo’lmaydi.
Sovet Ittifoqidan qolgan yadroviy qurollar va ashyolar taqdiri haqida kitob yozgan amerikalik jurnalist Deyvid Xoffman qayd etishicha, SSSR o’rnida 15 yangi davlat paydo bo’lar ekan, ularda yotgan atom arsenali Vashingtonni u qadar tashvishga solmagan. Asosiy e’tibor Amerikaning 75 yillik dushmani barbod bo’layotganida edi. Kommunizmning ajali yetdi va undan qutulayapmiz, deya yengil nafas olayotgan siyosatdonlar qurollar va yangi tuzumlar oldidagi muammolar bilan shug’ullana boshlaguncha ancha payt o’tgan, deydi jurnalist.
Senator Lugar va Nann jonbozlik ko’rsatib, masalani ko’tarmaganida, nima bo’lar edi? Vaqtni boy berish xavf darajasini oshirgan bo’lar edi, albatta, deydi ekspert.
Hozirda Oq uyda Milliy xavfsizlik kengashida ommaviy qirg’in qurollari va terrorizmga qarshi kurash idorasi rahbari Lora Xolgeyt o’sha paytda yosh mutaxassis edi va loyihada ishlagan. Dastur davlatlar orasida ishonchni oshirgan, deydi u, ayniqsa Amerika va Qozog’iston orasida. Bugun respublika yadroviy xavfsizlikni ta’minlashda yetakchi rol o’ynaydi.
Iste’fodagi senator Sem Nann bugun Vashingtonda hukmron siyosiy tarqoqlik va o’zboshimchalik kayfiyatidan norozi. 1990-yillarda Amerika poytaxtida siyosatchilar til topisha olar edi, shu bois davlat xalqaro maydonda ham jiddiy ishlarni bitira olgan, deydi u.
AQSh Mudofaa vazirligi va Davlat departametida ishlab, bugungi kunda Ebola kasalligiga qarshi sa’y-harakatlarga boshchilik qilayotgan Endryu Veber ta’kidlashicha, o’tgan yili Suriyani kimyoviy qurollardan tozalashda hamda hozir epidemiyaga qarshi amaliyotlarda Nann-Lugar dasturidagi tajriba qo’l kelmoqda. Eng asosiysi, xalqaro kelishuvga erishish va uni texnik jihatdan amalga oshira olish, deydi Veber.
Davlat departamentida Markaziy Osiyo bilan aloqalarga mas’ul diplomatlardan biri, mintaqada elchilik qilgan Richard Xoagland deydiki, Qozog’iston bilan aloqalar metindek mustahkam. “Qozog’iston, shubhasiz, mintaqaviy lider. Nimaiki masala bo’lmasin, AQSh u bilan maslahatlashmay ish tutmaydi. Yadroviy xavfsizlikni ta’minlash hamkorligimizning muhim bir qismi”,- deydi rasmiy.