O'tgan yili Nyu-York shahrida yuz bergan xurujda sakkiz kishini o'ldirishda ayblanayotgan Sayfullo Soipovga o'lim jazosi berilishi mumkin. Prokurorlar suddan shuni so'ramoqda.
Asli o'zbekistonlik 30 yoshli Soipov, politsiyaning aytishicha, o'tgan yili Manhettenda yuk mashinasi bilan velosipedchilar yo'lagida odamlarni bosib ketishi ortidan qo'lga olingan. Xuruj uchun "Islomiy davlat" jangari guruhi mas'uliyatni o'z zimmasiga olgan. Ushbu voqea 2001-yil 11-sentabr terror hujumidan so'ng Amerikada yuz bergan eng qonli fojida ekani aytiladi.
Manhetten federal sudiga topshirilgan arizada prokurorlarning yozishicha, Soipovning ko'plab odamlarni o'ldirishi, hujumning "jirkanch, vahshiylarcha va yuzsizlik bilan" amalga oshirilgani hamda "Islomiy davlat"ni qo'llab-quvvatlashi o'lim hukmini oqlash uchun dalillar bo'lib xizmat qiladi.
Nyu-York shtatida o'lim jazosi bekor qilingan, ammo Soipov federal qonunlar asosida sudlanmoqda.
"Aybini tan olgan holda bir umrlik qamoq jazosiga hukm qilishdan ko'ra o'lim jazosini so'rash bu voqealarga aloqador barchaning jarohatini yanada uzaytirishga xizmat qiladi, xolos", - dedi Soipovning advokati Deyvid Petton.
Soipov sakkiz kishining o'limida, shuningdek, boshqalarni o'ldirishga qasd qilganlikda hamda "Islomiy davlat"ga moddiy yordam ko'rsatganlikda ayblanmoqda. U aybini tan olmagan.
Prokurorlar taqdim etgan hujjatda qayd etilishicha, xuruj ortidan o'tkazilgan tergovda Soipov "Islomiy davlat" videolarini ko'rib ilhomlanganini hamda bir yil avval hujumni rejalashtirganini aytgan.