Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning aytishicha, G’arb Rossiyaning xavfsizlik xavotirlarini inkor etib, uni Ukrainaga qarshi urush boshlashga majburlovchi ssenariy yaratmoqda.
Your browser doesn’t support HTML5
23-dekabrdan beri Ukraina mavzusida so’zlamagan Putinga ko’ra, G’arb Ukrainadan foydalanib, Rossiyaga sanksiyalar qo’ymoqchi va bu bilan uning taraqqiyotiga g’ov bo’lmoqchi.
Oq uy Putinning bu gaplarini izohlarkan, “Rossiyani tovuqxona ustida turib tovuqlardan qo’rqishini aytayotgan tulki” deya ta’rifladi, uni chegarada 100 ming askar to’plagan “bosqinchi” deb atadi.
Rossiyaning BMTdagi elchisi Vasiliy Nebenzyaning aytishicha, rossiyalik rasmiylar shu kungacha chegarada qancha qo’shin borligini biror marta ovoza qilmagan, bu raqam G’arbning vahima uyg’otishga qaratilgan uydirmasidir.
Qo’shma Shtatlar razvedka ma’lumotlariga tayanishini ta’kidlaydi.
AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken seshanba kuni Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan telefonda gaplashib, Rossiyaning Ukrainaga hujum qilish niyati bo’lmasa, qo’shinlarni chegaradan olishi kerakligini aytgan.
Lavrovning Blinken bilan suhbatdan so’ng aytishicha, Vashington Rossiyaning xavfsizlik xavotirlari yuzasidan takror gaplashishga tayyor ekanini ma’lum qildi.
Rossiya Ukrainaga hujum qilsa, AQSh va Yevropa Ittifoqi unga yirik sanksiyalar qo’yishini bildirgan. Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskovning bugun aytishicha, Rossiyaning G’arb sanksiyalariga qarshi rejasi mavjud va aksilchoralar Amerika va ittifoqchilariga zarar yetkazadi.
Rossiya harbiylari Belarusda mahalliy armiya bilan harbiy mashg’ulotlar o’tkazmoqda. Ukrainalik askarlar esa Qrim bilan chegaradagi Xerson viloyatida dushman hujumidan himoyani mashq qilmoqda.
AQSh Milliy xavfsizlik kengashida Ukraina bo’yicha sobiq ekspert Aleksandr Vindmanning aytishicha, AQSh va G’arb davlatlari Rossiyaga bosimni oshirishi kerak.
"Hujum ko’lami yirik bo’ladi”, - deydi u.
Iste’fodagi podpolkovnik nazarida, Putin bunday harakatlari bilan Ukrainani o’z ta’sir doirasiga qaytarmoqchi. Uning bashorat qilishicha, urush Pekin Olimpiadasidan keyin boshlanishi mumkin. Ungacha esa Rossiya chegaraga yetarlicha kuch va harbiy texnika safarbar etadi, deydi Vindman.
Sobiq rasmiy nazarida, AQSh bu o’rtada bo’sh turmay, Ukrainani qurollantirishi, Yevropada askarlari sonini oshirishi kerak. Rossiya, deydi u, bir necha front bo’ylab hujum qiladi.
"Nafaqat harbiy inshootlar, qo’mondonlik markazi nishonga olinadi, balki siyosiy arboblar ham”, - deydi Vindman.
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiya tez orada urush boshlashiga ishonmaydi va G’arb mamlakatlari hamda AQShni vahima solmaslikka chaqirmoqda.