Din

O'shlik islomshunosdan yangi kitob

O'sh do'konlarida

Qirg’izistonlik sharqshunos va dinshunos Abdulloh Kamol Yusuf "Qur'oni Karimning yengil tafsiri" ("At-tafsirul muyassar") ni o'zbek tiliga o’girdi. O'z vaqtida Saudiya Arabistonining Ulamolar hay'ati tayyorlagan kitobning tarjimasi O'sh Qirg'iz-O'zbek universitetining ilmiy kengashi tavsiyasi bilan Qozon shahrida chop etildi va Janubiy Qirg'iziston masjid hamda madrasalariga tuhfa qilindi.

Mutaxassislar fikricha, Qirg’iziston jamiyati, olkaning ma’naviy hayoti uchun mazkur tadbirning ahamiyati katta.

Ayni paytda mamlakatda diniy kitoblar ko’paya boshlagan. Diniy adabiyot bozori shakllanmoqda.

O’sh shahridagi Xalqaro Islom hamkorligi markazi muqaddas kitobning yengil tafsirini o’zbek tiliga o’girishda yaqindan yordam bergan.

Markaz raisi shayh Sodiqjon Kamolov:

“Ukamiz Abdulloh Qorasuv shahridan bo’ladilar. Toshkentda Sharqshunoslik oliygohini tamomlagan, arab tili va tarihi bo’yicha mutaxassis. Bu muborak ishga saudiyalik ulamolar hamda bizlarning maslahatimiz bilan qo’l urdi. Ushbu tafsirning boshqa tafsirlardan farqi shuki, u keng ommaga mo’ljallangan. Har qanday o’quvchi oson tushunib idrok qila oladi. O’zlashtirish uchun chuqur bilim talab qilinmaydi. Ko’pchilikning diniy bilim saviyasini hisobga olsak, hozirda o’lkamizda juda kerakli tafsir bu”.

“Ayniqsa yoshlarimiz uchun zarur tafsir. Oddiy til bilan aytganda, Islom dini qadriyatlarini belbog’ni belga bog’laganday qilib mahkam miyaga quyib qo’yibdi”, - deydi o’shlik qariya hunarmand G’anijon Raimjonov.

Aytish joizki, so’z erkinligi, vijdon erkinligi ancha taraqqiy etgan Qirg’izistonda diniy adabiyot bozori tobora kengayib, shakllanib bormoqda.

Din ishlari bo’yicha Davlat agentligining Janubiy hududiy bo’limi boshlig’i Isaqboy Muzrabekov deydiki, diniy tashkilotlar kitob nashr etish, tarqatish, olib kirish yoki olib chiqish huquqiga ega. Ushbu adabiyot qonunlarga zid bo’lmasa bas.

Ayni paytda diniy kitoblarni ko’chama-ko’cha, uyma-uy yurib hamda o’quv yurtlari va mehnat jamoalarida tarqatish ta’qiqlangan. Kitoblar faqat tegishli ruxsati bor do’konlar hamda masjid-madrasalar qoshidagi rastalarda sotilishi ko’zda tutilgan.

Qirg’izistonda diniy kitoblar tegishli diniy idoralar ruhsati bilan chop etiladi. Din ishlari bo’yicha Davlat agentligi ushbu kitoblarni ko’rib chiqishi, ekspertizadan o’tkazishi mumkin.

Mutaxassislar nazarida, Qirg’izistonda diniy kitob bozori hali tartibga solinganicha yo’q. Ehtiyoj, mutolaachilar saviyasi yahshi o’rganilmagan. Ma’lumoti kam oddiy aholi kitob tanlashda qiynaladi. Do’konchilar ma’n etilgan adabiyotni taklif qilgan hollar ham yo’q emas. Yaqinda bunday fakt tumanlardan biridagi masjid do’konida aniqlangan.

“Mustaqillik, erkinlik tufayli kitoblar chop etilib, tarqatilib, do’konlarda sotilib, omma ehtiyojini qondirish imkoni ko’payib boryapti. Afsuski, diniy kitoblarning mazmun-mohiyatiga qunt qilmagan holda, ushbu kitoblar savdosidan foyda chiqarishni ko’zlagan odamlar ham yo’q emas. Ahli ilmlar yoshlarga kitob tanlashda ko’mak berishlari joiz. Yuzaga kelgan kamchiliklar, muammolar diniy idora tomonidan talqin qilinyapti”, - deydi O’sh shahridagi Xalqaro Islom hamkorligi markazining rahbari shayh Sodiqjon Kamolov.

Aytish joizki, mustaqillik yillari Qirg’izistonning Qorasuv shahrida musulmonlar uchun muqaddas kitoblarni o’zbek va qirg’ziz tillariga o’giruvchi mutaxassislarning o’ziga xos maktabi paydo bo’lgan va rivoj topmoqda. Qur’oni Karimning o’zbek tiliga dastlabki tarjimasi ham o’tgan asrning ohirgi yillari ushbu shaharlik Alouddin Mansur tomonidan amalga oshirilgan edi.