Isroil Rafahga qo’shin kiritish arafasida

  • Amerika Ovozi

Isroil G’azo Sektori bilan chegaradagi Rafahda harbiy harakatlar boshlasa, Misr Isroil bilan tinchlik kelishuvidan chiqishini bildirgan. XAMASning ayrim vakillari Rafahda jon saqlayotganini da’vo qilayotgan Bosh vazir Benyamin Netanyaxu Rafahga qo’shin kiritish rejasini himoya qildi.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 12-fevral, 2024-yil

“7-oktabr kuni bizga hujum qilishdi. Bu sababsiz, qotilona hujum edi. Xolokostdan beri yahudiy xalqiga qarshi eng yomon hujum. Biz terrorchilarga qarshi chora ko’rdik, tinch aholi orasida qurbonlarni kamaytirishga urindik, biroq terrorchilar tinch aholi orasiga kirib olib, ulardan jonli qalqon sifatida foydalandi”, - deydi Netanyaxu.

G’azo Sog’liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko’ra, Isroil hujumlarida 28 mingdan ziyod falastinlik, aksariyati ayollar va bolalar o’ldi.

Netanyaxu bu raqamlarga qo’shilmasligini ma’lum qilarkan, Rafahga qo’shin yuborilishini bildirdi. 1,4 million g’azolik ayni paytda ushbu chegara shaharda jon saqlamoqda, aksariyati sektorning boshqa hududlaridan qochib borgan. Birlashgan Qirollik, Misr va Saudiya Arabistoni Isroilning ushbu rejasi yuzasidan o’z xavotirlarini yashirmadi.

Oilalari bilan chodirlarda yashayotgan odamlar boradigan boshqa joyi yo’qligini aytadi.

“Agar yana ko’chish kerak bo’lsa, hech qayerga bormaymiz. Misr chegarasida turibmiz. Boradigan boshqa joy yo’q”, - deydi g’azoliklardan biri.

Tel-Avivda esa isroilliklar hukumatdan XAMAS qo’lidagi vatandoshlarini ozod etishga qaratilgan harakatlarni kuchaytirishni talab qilmoqda.

Netanyaxu nazarida, Isroilning harbiy harakatlari XAMAS garovga olgan odamlarning bir qismini ozod etishga yordam berdi. Shu sabab, deydi u, harbiy bosim bo’shashmasligi zarur.

Bugun Isroil Rafahdagi bir necha imorat, jumladan masjidni nishonga olishi natijasida 67 odamning o’lgani haqida xabar qilinmoqda.

Isroil sahar tongda Rafahda maxsus amaliyot o’tkazib, XAMAS garovga olgan odamlardan ikkisi, 60 va 70 yashar erkaklar ozod etilganini ma’lum qildi. Bugun ular oilalari bilan Isroilda qovushgan.

Rafahdagi amaliyotga aviatsiya, tanklar, kemalar jalb qilingan. Ba’zilar Isroil hududga qo’shin kirita boshlaganidan xavotirda.