AQSh reytingini tushirgan agentlik haqida nima bilamiz?

AQSh reytingini tushirgan agentlik haqida nima bilamiz?

Yaqinda “Standard & Poor’s” moliya agentligi AQSh kredit reytingini pasaytirgan edi. Qaror ketidan ushbu kompaniya va uning raqiblari dunyo ahli e’tiborida.

“Standard & Poor’s” muayyan mamlakat yoki kompaniyalarning moliyaviy salohiyatiga baho beradi.

Investorlarga kredit berish-bermaslik, biznes yuritish-yuritmaslik masalasini hal etishda yordam beradi.

“Standard & Poor’s” - dunyodagi eng mashhur va nufuzli moliya agentliklaridan biri. Agar muayyan mamlakat reytingini “a’lo” deb belgilasa, u barcha kredit va qarzlarini o’z vaqtida to’laligicha qaytarib bera olishini anglatadi. Bu degani, investorlar bu mamlakatga bemalol sarmoya kiritishi mumkin.

AQSh reytingini tushirgan agentlik haqida nima bilamiz?

Yaqinda AQSh reytingi bir pog’ona pasaydi. Bu o’z-o’zidan hamon juda baland reyting hisoblansa-da, xalqaro investorlar uchun bunday qaror buqaga qizil lattani ko’rsatgandek gap. Aksiyalar bozori oyoq-osmon bo’lib ketdi, desak mubolag’a bo’lmaydi.

150 yillik tarixga ega “Standard & Poor’s” dunyoning 23 mamlakatida vakolatxonalariga ega, 126 davlatga baho berib keladi. Uning asosiy raqiblari - “Fitch” va “Moody’s” AQSh reytingini hozirgacha pasaytirgani yo’q.

Investor va aksiyadorlar ushbu agentliklarning reytinglariga dindor Injilga sig’ingandek sig’inadi. Ammo o’tmishda qaltis xatolar ham bo’lgan.

Masalan, AQSh ko’chmas mulk bozoriga kiritilgan investitsiyalar bexatar deb baholangani, 2008-yilgi krizisni bashorat eta olmagani bunga misol.

Amerika kredit reytingini pasaytirish qarorini tushuntirar ekan, “Standard & Poor’s” odatda qo’llaniladigan beshta mezondan foydalanganini aytmoqda.

AQSh reytingini tushirgan agentlik haqida nima bilamiz?

“Siyosiy va moliyaviy tavakkalchilik hamda qarz hajmi bo’yicha AQShga past baho berdik. Umumiy iqtisodiy tuzilma hamda monetar, ya’ni pul siyosatida esa o’zgarish yo’q, ya’ni qoniqarli”, - deydi agentlik vakillari.

Ularning aytishicha, qarz masalasi ustida ketayotgan keskin tortishuvlar beqaror siyosiy vaziyatdan darak beradi. Kelasi 10 yilda AQSh tashqi qarzining 20 trillion dollardan oshishi haqidagi bashoratlar mamlakat reytingi pasayishiga olib keldi.

“Standard & Poor’s” bahoni quyidagi mezonlarga asoslanib beradi: tizim samaradorligi va siyosiy muhit; iqtisodiyot va uning o’sish istiqboli; davlatning tashqi qarzni to’lash qobiliyati va chetdagi sarmoyalari; shuningdek, valyuta siyosati.

Bugungi kunda eng yuqori reytingga jumladan quyidagi mamlakatlar ega: Avstriya, Kanada, Finlyandiya, Fransiya, Germaniya, Lyuksemburg, Shveytsariya va Britaniya.

Bir pog’ona pastda esa Belgiya, Yangi Zelandiya va mana endi Qo’shma Shtatlar.