Prezidentlarning uyi naqadar muhim?

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

AQShning 40-prezidenti, konservatorlar qahramoni Ronald Reygan hayotining katta qismini Kaliforniyada yashab o’tgan, ammo u Ilinoysda tug’ilib o’sgani bu shtatda o’zgacha faxr bilan tilga olinadi.

Darvoqe, aslida Gavayi orolida tug’ilgan prezident Barak Obama ham bugun bu yerni ona shtat deb biladi. Chikagoda Ronald Reyganning bolalik yillari o’tgan imorat bor. Uni buzib, o’rniga kasalxona qurish rejasi ustida bahs ketmoqda.

Chikagoning Xayd bog’i degan mahallasidagi bu bino tarixini shu yerliklar sizga darrov eslatib qo’yishadi. Ronald Reygan yashab o’tgan bu uyda.

“Prezident Reygan bolalik yillarini yodga olib, gazda yoritilgan ko’chalar-u qo’shnilardan o’yinchoq olib o’ynagani haqida gapirib berar edi”, - deydi shu mahallada istiqomat qiladigan Syuzan Deyvis.

U shu mahalla tarixini o’rganib, kitob yozgan. Reygan 1915-yilda bu yerda yashagani haqida ko’pchilik bilmaydi, deydi u.

Shuning uchun bo’lsa kerak, bu uy bilan hech kim qiziqmagan. Keyinchalik Chikago Universiteti uni sotib oldi. Buzib, o’rniga tibbiyot oliygohi qurishni rejalayapti.

Shahar tarixi va merosini avaylash komissiyasi tomonidan e’tiroz yo’q. Demak, imorat buzilishiga ruxsat berilgan. Sobiq prezident tarafdorlari “nahotki”, deya hayron.

“Bu uyni sayyohlar uchun chiroyli muzeyga aylantirishni taklif qilayapmiz. Reygan Ilinoys shtatida tug’ulgan yagona prezident axir”, - deydi Anna Luis, Chikagodan 160 kilometr naridagi Dikson shahrida Reygan muzeyi boshqaruvchilaridan biri.

Sobiq davlat rahbarining o’smirlik yillari shu yerda o’tgan, maktabga qatnagan.

“Chikagoning o’zida ham uning sharafiga va merosini ulug’lovchi bir yodgorlik barpo etilsa yomon bo’lmasdi”, - deydi Luis.

Daniel Vaynberg sobiq davlat rahbarlari tarixini o’rganadi. Chikagoda Avraam Linkoln nomidagi kitob do’koni bor. Reyganning bu shahardagi uyini saqlab qolishga arzimaydi, deydi Vaynberg.

“Hamma narsani asrab qola olmaymiz. Reygan go’dak bo’lgan u paytlarda, atigi ikki yil yashagan bu uyda. Muhim ekanini tushunaman, lekin har bir prezident yashab o’tgan boshqa uylarchi?”

Chikago Universiteti “Amerika Ovozi”ga intervyu bermadi. Ammo shahar kengashi a’zosi Lesli Xerstonning aytishicha, oliygoh rahbariyati uning idorasi va jamoatchilik bilan aloqada bo’lib, turli takliflar o’rtaga tashlanyapti.

“Mahalla ahli bilan uchrashdik, uyni buzish rejasiga rozi bo’lishdi. Lekin universitet prezident Reygan xotirasiga bir yodgorlik barpo etadi”.

Yaqin kelajakda Xayd bog’i boshqa bir prezident nomi bilan dunyoga tanilishi mumkin. Barak Obama prezident bo’lguniga qadar shu yerda yashagan. An’anaga ko’ra, o’z kutubxonasini ham shu bog’da ochsa ajabmas.