Iroqni qayta qurish uchun 30 milliard dollar ajratildi

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

"Islomiy davlat" jangarilari 2014-yil Iroq shimolidagi Musul shahrini egallab olgan edi. AQSh yordamida Iroq armiyasi uni qayta qo'lga olishi uchun uch yil vaqt ketdi. O'tgan yil iyul oyiga kelibgina terrorchilar taslim bo'ldi. O'tgan hafta xalqaro hamjamiyat Iroqning IShIDdan ozod qilingan hududlarini, jumladan, Musulni qayta qurish uchun 30 milliard dollar ajratgani e'lon qilindi.

Musulni jangarilardan ozod qilish uchun davom etgan to'qqiz oylik jangda shaharning sharqiy qismi jiddiy zararlardan omon qoldi, ammo g'arbiy tarafiga katta shikast yetdi.

Shaharning tarixiy qismi bir necha oylik ko'cha janglarida va havo zarbalari ostida vayronaga aylandi. Boshqa g'arbiy tumanlar ham katta zarar ko'rdi.

Qayta qurish ko'lami juda ulkan bo'lgani bois, hukumat bu ishni yolg'iz o'zi uddalay olmasligini aytmoqda.

"Musuldagi asosiy muammo shundaki, odamlarning uylariga ulkan zarar yetgan. Bu vayronalarni Iroq bir o'zi qayta qura olmaydi. Xalqaro birdamlik va hamkorlik zarur", - deydi Iroqning Rejalashtirish vaziri Salmon al-Jumayliy.

Hukumat uy-joy qurish va aholini ortga qaytarishni asosiy maqsadi deb e'lon qilgan.

G'arbiy Musulda 630 ming aholi hanuz uyiga qaytmagan. Sharqiy qismida esa 70 ming odam uy-joysiz.

Qisqa va uzoq muddatli yechimlar uchun 12 milliard dollar zarur.

"Buzilgan uylarning 50 foizi qisman zarar ko'rgan, ularni ta'mirlash mumkin. Buni tugatish mumkin, tez bitadigan loyiha bular. Ayni paytda kamxarj va doimiy katta binolar qurishni ham boshlashimiz kerak", - deydi Terrorchilardan aziyat chekkan hududlarni qayta qurish jamg'armasi rahbari Mustafo Al-Hitiy.

Hukumat may o'rtalarida bo'ladigan parlament va mahalliy saylovlargacha uy-joyini tashlab qochgan aholining katta qismini ortga qaytarishga umid qilmoqda.

Ammo bu oson vazifa emas.

"G'arbiy Musulda 54 tuman bor, 15 tasi vayron bo'lgan. Butunlay yakson bo'lgan 15 tumanda 10 million tonna chiqindi bor. Ularning aksariyati portlamay qolgan moddalar bilan to'yingan", - deydi BMTning Iroq bo'yicha rasmiysi Liza Grande.

Vayronalarni tozalashdan oldin ehtiyotkorlik bilan tekshirish kerak. Elektr tarmog'i, suv va sanitariya tizimlari jiddiy qayta ta'mirga muhtoj. Tibbiyot va ta'lim ham abgor ahvolda.

Yangi ozod qilingan hududlarda barqarorlikni ta'minlash uchun asosiy xizmatlarni tezroq qayta tiklash muhim ekani aytiladi.

"Agar bu muammolarga siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy jihatdan to'g'ri yondashilmasa, radikalizmning yangi to'lqiniga guvoh bo'lishimiz hech gap emas", - deydi Kurdiston avtonom hududining Rejalashtirish vaziri Ali Sindi.

Hozircha asosiy e'tibor Musulga qaratilgan.

"Iroqning muvaffaqiyat qozonishini, o'zini qayta qurishini istasak, bu Musulga bog'liq. U qayta qurilishi, qayta tug'ilishi kerak", - deydi Liza Grande.

Agar shahar o'zini qayta tiklay olsa, iroqliklarda butun mamlakat oyoqqa turishiga ishonch paydo bo'ladi.