Qirg’iziston vaqtli hukumati vaziyat keskinligiga qaramasdan referendum o’tishini bildirdi. Referendum hukumatga konstitutsiyaviy qonuniylik berishi, parlament boshqaruvini joriy etilishi masalasini hal etishi lozim.
Qochqinlar yurtiga qaytarildi
O’sh va Jaloloboddagi qirg’inlar paytida O’zbekistonga qochib o’tgan minglab o’zbeklar Qirg’izistonga qaytgan. Ularning shoshilinch ravishda qaytarilishi ortida referendum masalasi turgani aytiladi. O’zbeklarning referendumga munosabati turlicha.
Qirg’inlarda harbiylar qo’li borligini aytayotgan qochqinlarda vaziyat barqarorlashishiga umid kam.
“Tanklar bilan borib yo’llarni ochib, studentlarni avtomatlar bilan orqaga qo’yib, bolalarni otdi. O’zbeklarda esa qurol bo’lmadi, aybimiz faqat o’zbekligimiz”, - deydi ulardan biri.
Rasmiy ma’lumotlarga ko’ra hozir O’zbekistonda 15 mingga yaqin qochqin qolgan. Ular soni 100 mingdan oshiq edi.
O’zbekistondagi qochqinlardan biriga ko’ra, vaqtli hukumat vakili Andijonga kelgan. Xavfsizlik ta’minlanishini aytib, referendumda ishtirok etishga chaqirgan.
“O’zbeklar avval ham referendumni, mamlakatda legitim hukumat bo’lib tinchlik va barqarorolik ta’minlanishi tarafdori bo’lgan. Shuning uchun biz referendumni qo’llab kelganmiz. Qirg’izistondagi o’zbeklar referendumga borishi kerak degan fikrdaman”, - deydi qochqin o’zbek.
Referendumni o'tkazib olaylik, keyin bir gap bo'lar
Xalqaro tashkilotlar O’zbekiston hukumatini qochqinlarni majburiy qaytarishni to’xtatishga chaqirgan. BMT referendum o’tkazish qarorida qat’iy turgan vaqtli hukumatni zo’ravonliklar qaytarilishi mumkinligi haqida ogohlantirdi.
Etnik qirg’inga nishon bo’lgan o’zbeklarning referendumga munosabati turlicha. Ko’pchilikda hukumatga ishonch yo’q. Referendum ortidan o’z maqomini qonuniylashtirayotgan vaqtli hukumat o’zbeklar haq-huquqlarini qanchalik himoya qila olishi shubha ostida ko’riladi.
O’zbekistonda jamoatchilik vakillari Qirg’iziston janubda o’zbeklarga nisbatan bosim va tazyiqlar to’xtamayotgan bir paytda, o’zbeklarni referendumga munosabati haqida gapirish qiyinligini ta’kidlashadi.
“Referendum xalqaro standardlarga loyiq o’tishiga ishonchim komil emas. Unda o’zbeklar ham qatnashishi kerak, biroq hozirgi paytda ular qanday qilib qatnasha olishi mumkin degan savol tug’iladi. Chunki bugungi kunda o’zbeklarni qo’shtirnoq ichida qurolsizlantirish bahonasida ularga nisbatan qattiq bosim va tazyiqlar o’tkazilmoqda. Shunday ekan o’zbeklar qatnashmagan taqdirda bu referendum qanday qonuniy kuchga ega bo’lishi mumkin?”, - deydi yozuvchi Yoqubjon Xo’jamberdiyev.
Bu orada, janubda ov davom etyapti
O’sh va Jalolobodda vaziyat nisbatan tinchlanar ekan, harbiylar o’zbeklar yashaydigan tumanlarda tintuv va zo’rlik ishlarini boshlashdi. O’zbek jamoatchiligi faollarining ko’pchiligi hibsga olingan.
Qirg’in paytida Qirg’izistondagi o’zbek televideniyesi yoqib yuborilgan, o’zbek tilidagi axborot vositalari ishlamaydi. O’zbek jurnalistlari tazyiq ostida, ayrimlari bedarak yo’qolgan. Referendum qanday o’tishi, qanday hukumat shakllanishi ham shubha ostida.
“Noumid shayton, referendum qanday tarzda o’tmasin, bu tinchlik va barqarorlik o’rnatilishiga xizmat qilishiga umid qilib qolamiz, xolos”, - deydi Xo’jamberdiyev.
Qirg’izistondagi vaziyat barqarorlashishida faollar va aksariyat qochqinlarning umidi ko’proq xalqaro jamoatchilikdan. Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik tashkiloti xavfsizlik nuqtai nazaridan saylovga kuzatuvchilarini yubormaslikka qaror qilgan.
Rasmiy Toshkentning Qirg’izistondagi referendum bo’yicha pozitsiyasi noma’lum. Ammo qochqinlar referendum oldidan ommaviy tarzda yurtiga qaytarilishi vaqtli hukumat bilan muzokaradan darak beradi.
Biroz avval Ostonada uchrashgan Qozog’iston va Turkiya rasmiylari referendum o’tkazilishini qo’llab-quvvatlashlarini, Qirg’izistonga ko’mak ajratishlarini bildirishgan edi.
Qirg’izistondagi o’zbeklarni referendum emas, ko’proq o’zbeklarga nisbatan munosabat qanday bo’lishi qiziqtiradi.
“Ayb kimda, aytingchi? Qirg’izlardami, o’zbeklardami? Avtomatlardan otgandan keyin ham o’zbeklar javob bermagan bo’lsa, ular otaversa, nayomshiklarni yollagan bo’lsa, buni tagiga yetish kerak”, - deyishadi qochqinlar.
Faollikka da'vat
Referendum amaldagi vaqtli hukumatga qonuniy maqom berishi mumkin. O’zbeklarni unda qatnashishga targ’ib qilayotgan rasmiylar millatlararo nizoni to’xtatuvchi biror amaliy harakat qilayotgani kuzatilmaydi.
“Qirg’izistondagi xalqlar, ayniqsa o’zbeklar hammani konstitutsiyaviy huquqlari ta’minlanishini xohlashadi. Endi bu ishlar bo’ladimi-yo’qmi, aytish qiyin. Bo’lgan ishlarda faqatgina Bakiyevni banditlari emas, hukumat a’zolari ham aralashib ketdi shekilli”, - deydi O’zbekistondagi qochqin.
Roza Otunbayeva aholini faollikka chorlar ekan, saylovda ishtirok mamlakatda etnik qarama-qarshiliklarni yumshatishi, Qirg’iziston xalqlari birdamligini namoyish etishini ta’kidladi.
Xolis vositachilar kerak
Qirg’iziston Davlat Xavfsizlik xizmati yaqinda qirg’inlar yuzasidan surishtiruv natijalarini e’lon qildi. Bu ayblovga ko’ra ular ortida O’zbekiston Islomiy Harakati va sobiq prezident Qurmanbek Bakiyevning qarindoshlari turibdi.
Sharhlovchilar nazarida qonuniyligini tasdiqlashga shoshilayotgan vaqtli hukumatda etnik muammoni tinchitishga qaratilgan bir harakat kuzatilmaydi. Bunday sharoitda referendum yangi keskinliklar uchun zamin bo’lishi ham mumkin.
Xalqaro jamoatchilik O’sh va Jaloloboddagi qirg’in yuzasidan mustaqil tergov o’tkazishni so’ramoqda. Hujumlar nishoniga aylangan o’zbek qochqinlariga ko’ra ham tergov-surishtiruv ishlari vaqtli hukumat tomonidan emas, xalqaro tashkilotlar tomonidan yuritilishi kerak.