AQSh suriyalik qochqin bolalarga ta'lim olishda yordam bermoqda

  • Amerika Ovozi

Suriyalik bolalar qochqinlar lageridagi UNICEF tashkil etgan maktabda.

AQSh hukumati suriyalik qochqinlarga yordam berish maqsadida BMT bilan hamkorlik qilmoqda.

Davlat kotibi Jon Kerri BMT Qochqinlar bosh komissari idorasiga 24 million dollar va'da qildi. Bu mablag' Yevropadagi qochqin va muhojirlarga yordam berish, xususan, qishni o'tkazish va ta'lim olishga sarflanadi.

"Qo'shma Shtatlar qochqinlarni joylashtirish maqsadida mablag’ ajratgan eng katta donor. Suriyada urush boshlanganidan beri gumanitar maqsadda 4,5 milliard dollar ajratdi", - dedi Kerri.

AQSh Turkiyaga ham qochqinlar uchun maktablar tashkil etish, boshpana bilan ta’minlash hamda tibbiy markazlar ochish maqsadida BMT va nodavlat tashkilotlar orqali 325 million dollar yordam puli bergan.

Ayni vaqtda BMTning UNICEF bolalar jamg'armasi millionlab suriyalik bolalarni qishki kiyim bilan ta’minlash hamda maktablar tashkil qilish maqsadida naqd pul berish rejasini e'lon qildi.

Ma'lumotlarga ko'ra, suriyalik qochqin bolalarning uchdan ikki qismi maktabga bormaydi. Turkiyadagi 650 ming qochqin boladan 250 mingi o'qishni davom ettirgan. Boshqalari esa ta'lim olmayapti.

Urush boshlanishidan oldin Suriya aholisi dunyodagi eng savodlilardan biri edi.

Ammo 400 ming bola uchun o'qish imkoniyatini yaratish oson emas. Turkiya hukumati oldida nihoyatda murakkab vazifa turibdi. Biroq agar bu bolalar maktabga bormasa, malaka talab qilmaydigan ishlarda ishlashga majbur bo'ladi. Ko'pchiligi jangari guruhlarga qo'shilishi mumkin, chunki "Islomiy davlat" kabi terror guruhlar jangarilarga nisbatan yaxshi maosh to'laydi.

Qochqin bolalar Turkiya davlat maktablariga borishi yoki qochqinlar lagerlarida tashkil etilgan muvaqqat ta'lim markazlarda tahsil olishi mumkin. Bunday markazlarda darslar arab tilida olib boriladi va Suriya o'quv programmasiga asoslangan. Turk maktablarida esa bolalar mahalliy tilni bilmay qiynaladi. Bundan tashqari qochqinlar orasida Turkiyaning bir qismidan boshqasiga ko'chish hollari ko'p, shu bois bolalar uchun davomli ta'lim olish qiyin.

AQSh hukumati UNICEF va boshqa nodavlat tashkilotlari bilan birgalikda suriyalik qochqin bolalar uchun Turkiyaning turli viloyatlari, shu jumladan, Kilis, Mersin, Adiyaman, Batman, Usmoniya, Mardin, Malatya, Shonliurfa, Gaziantep va Adanada 13 ta maktab tashkil etgan. Ularda 26 ming bola o'qishi mumkin.

"Bugun maktab yoshida bo'lgan suriyalik bolalarning uchdan bir qismi ta'lim olmoqda. Butun avlodni yo'qotish tahdidi katta", - deydi UNICEF vakili Filip Duamel.

Turkiyada davlat qaramog'idagi 25 ta qochqinlar lagerida maktab yoshida bo'lgan suriyalik bolalarning 90 foizi ta'lim oladi. Ammo qochqinlar lageridan tashqarida yashaydigan bolalarning aksariyati darslarga qatnamaydi, deyiladi “Human Rights Watch” inson huquqlari tashkiloti hisobotida.

Duamelning "Amerika Ovozi"ga bildirishicha, maqsad - keyingi yil iyungacha maktabda o'qiydigan qochqin bolalar sonini ikki baravar ko'paytirish. UNICEF maktablar qurish, transport bilan ta'minlash, bolalarga ruhshunos va sotsiolog kabi mutaxassislar yordamini taklif qilish, o'smirlar uchun kasb-hunar kurslarini ochish, 8000 ko'ngilli o'qituvchiga esa pul to'lashni rejalamoqda.