Breaking News

HRW: Qochqin bolalar ahvoli barcha mamlakatlarda og'ir


Suriyalik qochqinlar
Suriyalik qochqinlar

Yevropa mamlakatlari Afg’oniston, Suriya va boshqa notinch yurtlardan siyosiy boshpana so’rab kelayotgan bolalar uchun sharoit yaratsin, deydi xalqaro inson huquqlari tashkiloti.

“Human Rights Watch” (HRW) hisobotiga ko’ra, Afg’onistonda Tolibon safiga yoki Suriyada armiyaga qo’shilmaslik uchun mamlakatidan qochib chiqqan bolalar yakka o’zi qochqinlar lagerlariga bormoqda. Boshpana olish uchun haftalab kutishga majbur.

HRW hisoboti 41 bola bilan Gretsiyadagi qochqinlar markazlarida 2015-yil may oyida o’tkazilgan subhatlarga asoslangan. Ulardan yarmi vatanidagi zo’ravonlik, urush yoki majburiy nikohdan qochib ketgan.

Ayrim bolalar avval Turkiya yoki Eronda boshpana so’ragan, ammo hujjatlar olish yoki ish topishda qiynalib, Yevropa Ittifoqi hududiga o’tishga qaror qilgan. Hisobotga ko’ra, Eronda ajnabiy bolalar maktabda o’qish uchun pul to’lashi kerak. Demak, bu mamlakatda muhojir bolalar uchun ta’lim olish qiyin.

“Human Rights Watch”ga ko’ra, kattalardan farqli o’laroq, bolalar boshpana so’raganlar markazlarida haftalab kutishi mumkin.

Bu yil qochqin bolalar soni ancha ko’paydi. Aksariyati Suriya va Afg’onistondan qochib Yevropa Ittifoqi hududiga o’tmoqchi bo’ladi. BMTning Qochqinlar ishlari bo’yicha oliy komissari ma’lumotlariga ko’ra, 2015-yilda Gretsiyaga dengiz orqali 42160 muhojir o’tgan. Ularning aksari – suriylaiklar va afg’onistonliklar.

Hisobotda Gretsiya hukumatiga qochqinlarni yaxshi kutib olish va bolalar manfaatlarini inobatga olgan holda sharoitlar yaratishga da’vat etiladi.

HRW, shuningdek, Yevropa Ittifoqi davlatlarini Gretsiyaga qochqinlarni boshqa mamlakatlarga ko’chirish orqali yordam berishga chaqiradi. Suriya va Afg’onistonga esa bolalarni zo’ravonliklardan hamda ta’qiblarning boshqa turi, masalan majburiy nikohdan asrash kerak, deya ta’kidlaydi. Eron hukumatiga afg’on bolalarining ta’lim olish huquqi buzilmasligi kerak, bolalarni ishlashga majburlash mumkin emas, deya eslatiladi.

“Bolalar ta’qibdan yoki hayotiga xavf solayotgan tahdiddan qochishga majbur bo’ladi. Yo’l-yo’lakay esa undan-da kattaroq xavfga duch keladi. Yetib borganidan so’ng yana ta’qib, yana tazqiyqqa uchraydi”, - deydi HRW eksperti Jo Beker.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG